Isroil hujumlariga norozilik sifatida g’azolik bolalar Ramazon oyidan oldin o’t ochish va harbiy operatsiyalarni to’xtatish talabi bilan namoyish o’tkazdi. Ma’lumotlarga ko’ra, ular hujum zonalaridan ko’chirilgan aholi hisoblanadi. Norozilik namoyishi aks etgan videotasvirlarda bolalar qo’llarida yozuvlarni ko’tarib, qurbonlarni aks ettiruvchi yasama tobutlar bilan ko’chalar bo’ylab yurayotganini ko’rish mumkin.
Kuni kecha Amerika Qo’shma Shtatlari, Qatar va Misr vositachiligida 6 haftalik sulh tuzish bo’yicha muzokaralar o’tkazishga harakat qilindi. Ushbu sulh aynan muqaddas Ramazon oyida amalda bo’lishi nazarda tutilgan edi. Biroq, HAMAS va Isroil o’rtasidagi bu kelishuv ma’lum sabablarga ko’ra amalga oshmadi.
Qariyb besh oydan buyon davom etayotgan Isroil hujumlari oqibatida G’azoning ko’plab aholisi halok bo’ldi, aholi turar-joylari, hukumat binolari portlatildi. Sektorning ichki holati yomonlashib, xalq qiyin turmush tarzini boshdan kechirishga mahkum bo’lmoqda. Qurbonlarning asosiy qismi bolalar va ayollarni tashkil etadi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, G’azoda 30 mingdan ortiq aholi halok bo’lgan.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston musulmonlari idorasi bu yil Ramazon oyi 11-mart kunidan boshlanishi haqida xabar berdi.