x

2024-yil 15-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudida 11 yoshli qizning zoʻrlab oʻldirib ketilishiga doir jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi oʻqildi. Bu haqda Fargʻona viloyati sudi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, sud hukmi bilan voyaga yetmagan sudlanuvchi M.S.ga Jinoyat kodeksi 25, 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismining “v, z, o” bandlari, 118-moddasi 4-qismi (oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish), 119-moddasining 4-qismi bilan (oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) ushbu kodeksning 85-moddasi hamda 59-moddasining 3-qismi tartibida 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Voyaga yetmagan sudlanuvchi D.A.ga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “v, z, o” bandlari, 118-moddasining 4-qismi va 119-moddasining 4-qismi bilan ushbu kodeksning 85-moddasi hamda 59-moddasining 3-qismi tartibida 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

Shuningdek, voyaga yetmagan sudlanuvchi B.X.ga Jinoyat kodeksi 241-moddasining 2-qismi bilan (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) kodeksning 62, 84−1-moddalari tartibida 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Hukmdan norozi taraflar tegishli muddatda Fargʻona viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqi tushuntirilgan. Jinoyat ishi yopiq sud majlisida koʻrilgani bois ish tafsiloti oshkor etilmagan.

Eslatib oʻtamiz, 2023-yilning 20-iyul kuni Fargʻona shahri Yangi Asr koʻchasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizning murdasi zoʻrlash alomatlari bilan topilgandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam oʻldirish), 118 (nomusga tegish) va 119 (jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.

Keyinchalik Fargʻona shahridagi 16-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi qizning uyiga kelib, onasi uni chaqirayotganini aytgan va uydan olib chiqib ketgani oydinlashgandi.

2023-yil 28-iyul kuni Fargʻonada ichki ishlar tizimi boʻyicha videoselektor oʻtkazgan prezident ushbu voqeani ham tilga olib, bu holat vaziyat qanchalik ogʻirligini koʻrsatib turganini taʼkidlab oʻtgandi.

To Top ↑
To Top ↑