“O’q o’tkazmas orzular” nomi ostida Turk Aloqa Boshqarmasi mezbonligida tashkil etilgan g’azolik rassom bolalarning rasmlar ko’rgazmasi butun dunyoni o’ziga jalb etmoqda.
Ayni vaqtda G’azoda sodir bo’layotgan mudhish vaziyatlarni beg’ubor bolalar nuqtai nazari bilan e’tibor qaratish maqsadida o’tkazilgan ushbu rassomlik ko’rgazmasi nafaqat mahalliy OAVlar, balki, xalqaro e’tirof va e’tiborga sazovor bo’lmoqda.
Ko’rgazmada namoyish etilgan jami 266 ta rasmlarda G’azoning rassom bolakaylari boshlaridan o’tkazayotgan daxshatlarni ichki kechinmalari ila oq qog’ozga to’kgan holda, nafis san’at asari bilan yetkazishga harakat qilishgan. Achinarlisi, rasm mualliflarining aksar qismi Isroilning oxirgi hujumlarida vafot etgan.
Qolaversa, ushbu tadbirga taniqli qo’shiqchilar Maher Zain va Emel Matluti tashrif buyurdi. Ular tomonidan ijro etilgan albomda Falastin uchun maxsus bastalangan, bugungi kun vaziyatlarini aks ettiruvchi qo’shiqlar o’rin olgan. So’zga chiqqan xorijlik mehmonlar, amaldorlar o’z hamdardligini bildirgan holda, kechaning xorijiy miqyosdagi o’rni haqida ham so’z yuritishdi.
Ko’rgazma 29-yanvargacha davom etadi va unga allaqachon 200 000 dan ortiq inson tashrif buyurishga ulgurdi.