x

Zamonaviy texnologiyalar rivoj topib borayotgan bugungi kunda, internet platformalari, gadjetlardan foydalanish yoshi ham tobora yuqorilab borayotgani barchaga ma'lum. Ammo, ular yosh avlodning fikrlash-dunyoqarashi, xulq-atvoriga o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi. 

Tadqiqotlar natijalariga ko'ra bolalar YouTube'da ko'rayotgan har 5 ta videodan bittasi ularning yoshiga mos bo'lmagan reklama-kontentlardan iborat. Platformadagi 8 va undan kichik yoshdagi auditoriyaga mo'ljallangan videolarning qariyb 95%ini reklamalar tashkil etadi. Xavotirlanarli tomoni esa, ularning ko'p qismida alkogol va giyohvandlik mahsulotlari, zo'ravonlik, 18+ sahnalar mavjudligida. 8 yoshgacha bo'lgan bolalar kuniga o'rtacha 39 daqiqa vaqtini onlayn videolar tomosha qilishga sarflamoqda. BU ko'rsatkich 2017-yilgidan 2 barobarga ko'proq. 

O'tgan yili YouTube kompaniyasi 13 yoshgacha bo'lgan bolalar ma'lumotlarini ota-onalardan beruxsat yig'ganligi tufayli 170 million dollar jarima to'lashga majbur bo'lgan. Shundan so'ng, platforma video yuklash tizimiga bir qator o'zgartirishlar kiritib, yosh cheklovi, bolalarga mo'ljallangan va mo'ljallanmaganlarga ajratish funksiyalarini ishga tushirdi. Yuqoridagi vaziyatlardagi kabi salbiy ta'sirlarni kamaytirish maqsadida soha mutaxassislari ota-onalarga yosh bolalari uchun YouTube Kids platformasi va "Ota-ona nazorati" funksiyalaridan foydalanishni tavsiya etadi.

Albatta, ushbu tajriba natijalari mintaqalar, milliy-etnik dunyoqarashlar va turli faktorlarga ko'ra farqlanishi mumkin. Ammo, bolalarning sevimli va ajratib bo'lmas "o'yinchog'iga" aylanib ulgurgan gadjetlar, internet platformalari faqat ularning foydasiga xizmat qilishiga  hech kim kafolat bera olmasligi turgan gap. Shu sabab, ularni doim nazorat va tekshiruvda saqlash zarar qilmaydi. 

Xo'sh, sizning farzandingiz internetda o'z vaqtini nimalarga sarflamoqda?

To Top ↑
To Top ↑