Bir ota qiziga kitob o`qishni odat qildirish uchun sovrin berib o`qitishni o`yladi. Bir kuni qiziga: "Qizim senga shu kitobni beraman. Agar o`qib tugatsang 100$ olasan" deb kitobni berdi. Bu taklif qizga juda yoqdi. Lekin afsuski, qizni kitob o`qishga hech toqati yo`q edi.
U o`zicha "Eng yaxshisi men bu kitobni tarjimayi holini internetdan topib o`qiyman. Otam o`qidingmi desa, kitob haqida gapirib beraman" deb o`yladi. Shunday kilib internetdan kitob haqida qisqacha matn topdi. Ikki varaqli bu ma'lumotni yaxshilab yodladi.
Albatta otasi sezib qolmasin deb bir hafta yurdi.
Bir haftadan so`ng "Otajon men kitobni o`qidim, endi 100$ni berasizmi?" deb so`radi. Otasi qizidan kitobda kelgan mavzulardan gapirishini so`radi.
Qizcha juda chiroylik qilib otasiga gapirib berdi. So`ng yana "Otajon endi 100$ni berasizmi?" dedi.
Ammo otasi qiziga u hech kutmagan javobni berdi: "Sen kitobni o`qimabsan, agar kitobni o`qiganingda ichidagi 100$ ni ko`rar eding!".