x

Navoiy shahridagi 6-maktabda bo'lgan holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Unda maktabga krossovka kiyib kelgan bolalarni videoga olib, ularning ota-onalariga murojaat yo'llayotgan o'qituvchining "maktabda krossovka kiyish mumkin emas, uni faqat jismoniy tarbiya fanida kiyish kerak" mazmunidagi so'zlarini tinglashingiz mumkin.

"Hozir birorta kishi kelib qolsa nima bo'ladi? O'zingiz tasavvur qiling, mening joyimda siz o'tiribsiz — tekshirish keldi, nima qilasiz shunda?" — deydi videoni suratga olgan o'qituvchi.

Ushbu videoni o'zining feysbukdagi sahifasida ulashgan jurnalist Ruslan Saburovning aytishicha, maktab mas'ullari aloqaga chiqib, bu vaziyatda tushunmovchilik bo'lganini aytishgan. 

"Maktab masʼullari chiqib, tushunmovchilik boʻlganini aytishdi hamda holat takrorlanmasligi boʻyicha vaʼda berishdi. Xatolik shov-shuv qilinishi emas, tuzatilishi tarafdorimiz. Shuning uchun biroz kuzatishga qaror qildik. Xullas, oʻsha gap - taʼlimda oyoq bilan emas, bosh bilan shugʻullanaylik", — deb yozadi jurnalist.

Aslini olganda o'quvchilar maktabda belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishi zarur. Lekin ta'lim to'g'risidagi qaysi qonunda yoki qaysi maktabdagi qoidalarda krossovka faqat jismoniy tarbiya fani uchun ekanligi, boshqa vaqt maktabda krossovka kiyish mumkin emasligi yozilgan?

"Hozir biror kishi kelib qolsa nima bo'ladi?" deyotgan o'qituvchi nazarda tutgan tekshiruvchilar maktabga o'quvchining oyoq kiyimini tekshirish uchun keladimi yoki bilim darajasini, ta'lim sifatini baholash uchunmi?

Jamiyat haqida, hayot haqida endigina tasavvuri uyg'onayotgan, shaxsiy fikri rivojlanayotgan yoshdagi bolalarga bu qadar cheklovlar qo'yish, kiyadigan kiyimigacha belgilab berish yurt kelajagiga qarshi harakatdir. Albatta odob-axloq me'yorlari, etika qoidalariga amal qilgan holda kiyinish bolalar va kattalar uchun zarur. Lekin krossovkani taqiqlaganlar buning sababini ham tushuntirib berishsa, yaxshi bo'lardi.

To Top ↑
To Top ↑