Yolg`izlik inson salomatligiga tahdid soladi, uning zararli ta'siri kuniga 15 ta sigaret chekish bilan barobarligi ta'kidlanmoqda.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) yolg`izlikni global salomatlik uchun tahdid deb e'lon qildi. Uning odamga zararli ta'siri kuniga 15 ta sigaret chekish bilan barobar.
JSST yolg`izlik muammosi bo`yicha xalqaro komissiyasi xabarida «Har kim, har qanday joyda yolg`iz yoki ijtimoiy jihatdan izolyatsiya qilingan bo`lishi mumkin», deb ta'kidlanadi.
Qayd qilinishicha, odamlarning ijtimoiy faolligini to`xtatgan COVID-19 pandemiyasi tufayli yolg`izlik muammosi og`irlashgan, shuning uchun yolg`izlik darajasi ham oshgan.
«Yolg`izlik hech qanday yosh va chegara bilmaydi va sog`liq, farovonlik va rivojlanishning barcha jabhalariga ta'sir qiluvchi global muammoga aylanmoqda», deyiladi xabarda.
JSST ta'kidlashicha, yolg`izlikning inson salomatligi uchun xavfi kuniga 15 ta sigaret chekish bilan teng. Uning zarari semizlik va kam harakatli turmush tarzidan ham ko`proq ekanligi aytilmoqda.
JSST qo`shimcha qilishicha, dunyodagi har to`rtinchi keksa kishi ijtimoiy izolyatsiyani boshdan kechiradi, bu aqldan ozish (dementsiya) xavfini 50 foizga va koronar arteriya kasalligi yoki insult xavfini 30 foizga oshiradi.
Bundan tashqari, tadqiqotlarga ko`ra, dunyodagi o`smirlarning 15 foizigacha yolg`iz. Ular maktabda yolg`izlikni boshdan kechiradi va universitetni tashlab ketish ehtimoli ko`proq. Ishda jamoatdan uzilib qolgan va qo`llab-quvvatlanmasligini his qilayotganlarning ish mahsuldorligi ham pasayishi mumkin.