x

«Dok-1 Maks» ishi bo`yicha sud davom etmoqda. 10 noyabr' kuni bo`lib o`tgan majlisda farzandi dori iste'molidan so`ng vafot etgan besh jabrlanuvchi ko`rsatma berdi. Ularning ba'zilari bir necha mlrd so`mlik moddiy kompensatsiya talab qildi, aksariyati ayblanuvchilarga nisbatan eng og`ir jazo tayinlanishini so`radi.

10 noyabr' kuni «Dok-1 Maks» ishi bo`yicha navbatdagi sud majlisi bo`lib o`tdi. Unda sud-tibbiy ekspertizasida ishtirok etgan shifokor mutaxassislar, shuningdek, besh nafar jabrlanuvchi ko`rsatma berdi. «Gazeta.uz» jabrlanuvchilarning ko`rsatmalarini matnga tushirdi.

Qayd etish joiz, jabrlanuvchilar bilan muloqotga kirishishdan avval sud'ya va har bir advokat ularga hamdardlik bildirib, Hudodan sabr so`radi. Sud jarayonida savollarga imkon qadar og`ir-vazmin javob berish iltimos qilindi.

Jabrlanuvchi Mushtariy Nosirovaning ko`rsatmasi

Jabrlanuvchi Mushtariy Nosirova 1998 yil Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tug`ilgan. Uning 2020 yil 21 oktyabrda tug`ilgan yolg`iz farzandi — Sabiya Nosirova 2022 yil dekabr' oyida shamollashdan davolanish uchun dori ichgach, ahvoli og`irlashib, vafot etgan. Jabrlanuvchi ayni vaqtda Tojikistonda bo`lgani bois sudda onlayn ko`rsatma berdi.

Ko`rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sud'ya: Oilangiz bor-a?

Jabrlanuvchi: Bor.

Sud'ya: Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Farzandim yo`q (shunday deb yig`lab yubordi — tahr.).

Qizim Sabiya Nosirova 2020 yil 21 oktyabrda Moskvada tug`ilgan. Keyin O`zbekistonga kelib, bir yil yurdik. Bu erning havosi yoqmadimi, gripp bo`lib qolib, yo`talaverdi. Dorixonaga borib, «qizim yo`talyapti, gripp bo`ldi» deb shu dori [Dok-1 Maks]ni so`rasam, siropini berdi. O`zim ham shamollab qolganimni aytsam, tabletkasini berdi. Tabletkani ichdim, menga hech narsa qilmadi, qizim siropni ichib, qusaverdi-qusaverdi (jabrlanuvchi yana yig`ladi — tahr.).

Nega bunday bo`lyapti, deb o`yladim. Men hech qachon kasalxona nimaligini bilmaganman, ko`rmaganman ham. Kasalxonaga bormadim, o`zim beparvo bo`ldimmi, bilmadim. Bolam siymay qo`ydi. Keyin Andijondagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordim. Do`xtir «og`zi og`rib, yiringlab, stomatit bo`lib ketibdi, kasalxonaga yotinglar», deb yozib berdi.

«Analiz» topshirdik. Bir kun yotdik, siymadi. Ikkinchi kun ham siymaganidan keyin (jabrlanuvchi yana yig`lab yubordi — tahr.), «men e'tibor bermabman, „Dok-1 Maks“ ichgandi, shundanmikan?» dedim. Do`xtirlar keldi, tekshirdi. «Yo`q, hech narsa [bo`lgani] yo`q», dedi. Men dod deb o`zim beparvo bo`lganimni [bir nima bo`lganini] aytdim, do`xtirlar qaramadi.

Keyin Andijondagi kasalxonaga olib borishdi, undan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borsin deyishdi, keyin do`xtirlar keldi. 25−26 dekabrda uyoqqa o`tdik… Uch kun dializ qildi. 20 kun kasalxonada yotdi [keyin o`tib qoldi], bo`ldi, shu.

Sud'ya: Sizga «Dok-1 Maks»ni kim tavsiya qildi?

Jabrlanuvchi: Hech kim tavsiya qilmadi. Dorixonaga o`zim bordim.

Sud'ya: Tergov jarayonida «Mirzohid ismli tanishim tavsiya qildi», deb ko`rsatma bergansiz-da.

Jabrlanuvchi: Ha.

Sud'ya: Mirzohid ismli tanishingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sud'ya: U kim o`zi, dorixonachimi, do`xtirmi?

Jabrlanuvchi: Hech kim. Shunchaki tanishim. Shu aytgan, keyin borib olganman.

Sud'ya: Siz «Dok-1 Maks» ichirdingizmi, «Ambronol»mi?

Jabrlanuvchi: Ikkalasini ham.

Sud'ya: Nimaga «Dok-1 Maks» bilan «Ambronol» ichiryapsiz? «Ambronol»ni kim tavsiya qildi.

Jabrlanuvchi: «Ambronol»ni o`zim olganman.

Sud'ya: Siz hozir Tojikistonga yashash uchun ketdingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo`q, hujjatlarimni tayyorlash uchun.

Sud'ya: Tojikistonga turmushga chiqib ketmadingizmi mabodo?

Jabrlanuvchi: Turmushga chiqdim, lekin bu erda yashamaymiz. O`zbekistonda yashaymiz.

Sud'ya: Dorini necha mahal, qancha dozada bergansiz?

Jabrlanuvchi: «Dok-1 Maks»ni uch mahal, bir qopqoqdan berganman. Shirinmidi-ey, achchiqmidi-ey, esimda yo`q. Tagida ozgina qolgan ekan, qizim vafot etgach, qolganini o`zim ichvordim.

Prokuror: Kimga qanday da'vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Men sizlarni har doim kuzatib boraman. Bir yil kutdim, chaqirishmadi. Moskvaga ketaman dedim, ketolmadim. Lekin iloji yo`q, O`zbekistonda turgim kelmadi, bu yoqqa [Tojikistonga] keldim. Endi bir hafta bo`lgandi. O`zbekistonda o`lim jazosi yo`q ekan (shunday deb jabrlanuvchi yana yig`lab yubordi — tahr.). Shular umrbod qolmasin. Bolalariga o`lim tilamayman. Chunki bildim — farzand dog`i juda yomon. Ularning bolalari etim qolsin, otasi, onasi, hammasi qamoqda chirisin.

Prokuror: Moddiy da'vongiz bormi, yo`qmi?

Jabrlanuvchi: Yo`q.

Advokatlardan biri: Bolangizga dorini qopqoqchasida ichirganingizni aytdingiz. «Korobka»dan chiqadigan qopqoqchada ichirganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Necha mahal bergansiz?

Jabrlanuvchi: Doimiy bermaganman. Bir kun uch mahal berganman, bir kun esimdan chiqib qolgan. Indiniga ikki mahal berganman.

Advokat: Dori berishdan oldin uning yo`riqnomasini o`qiganmidingiz?

Jabrlanuvchi: Yo`q.

Advokat: Demak, qancha miqdorda berish haqida ma'lumotga ega bo`lmay, o`zingiz [chamalab] bergansiz, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha. Dorixonachidan so`raganimda uch mahal degan.

Advokat: Uch mahal ham har safar o`sha qopqoqchada to`ldirib bergansiz-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Bunday savol berganimning boisi, «Dok-1 Maks» bilan «Ambronol»ning yo`riqnomasida ularni qancha miqdorda berish kerakligi ko`rsatilgan-da. Demak, sizning bundan xabaringiz bo`lmagan ekan. Tushunarli, rahmat.

Boshqa advokat: Oxirida «Dok-1 Maks»ni o`zim ichib yuborganman, dedingiz. Qancha miqdorda edi?

Jabrlanuvchi «Dok-1 Maks»ning farzandidan qolgan qismini o`zi ichib yuborganini aytgan edi. Keyinroq advokatlar bilan savol-javobda adashganini, ichib yuborgan dorisi «Ambronol» bo`lganini ta'kidladi.

Jabrlanuvchi: O`zi hech narsa qolmagandi.

Advokat: Shunda «Dok-1 Maks»ni [avval] qizingizga berdingiz va [keyin] o`zingiz ichib tugatdingiz-a?

Jabrlanuvchi: Yo`q, men «Ambronol»ni ichgan ekanman. Chunki «Dok-1 Maks»ni o`zimizning melisaxonaga topshirganman.

Advokat: «Ambronol»ni qizingizga ham berganmisiz?

Jabrlanuvchi: Birinchi «Dok-1 Maks»ni berganman, keyin — grippi to`xtamagach, «Ambronol»ni berganman. 11 yanvarda, qizim vafot etganidan keyin, uyga kelib, ["Ambronol»ning] hammasini ichganman.

Advokat: Shunda «Dok-1 Maks» bilan «Ambronol»ni taxminan necha kundan ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: Birin-ketin berganman.

Advokat: Demak, avval «Dok-1 Maks»ni, keyin «Ambronol»ni ichirgansiz.

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: «Ambronol»ni ham deyarli hammasini ichirgansiz. Oxirida qolgan ozgina qismini o`zingiz ichib tugatgansiz. Shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha, shunday.

Advokat: «Ambronol»ning idishi hozir qayerda, bilmaysizmi?

Jabrlanuvchi: Voy, yo`q.

Advokat: «Ambronol»ning idishini tasvirlab bera olasizmi?

Jabrlanuvchi: Oq, spirt idishiga o`xshagan idishda edi.

Boshqa advokat: Tergovda ko`rsatilishicha, qizingizda kasallik simptomlari 9−10 dekabrda ko`ringan. Shifoxonaga nechanchi sanada yotqizgansiz?

Jabrlanuvchi: 21 dekabr' kuni borganmiz.

Advokat: «Dok-1 Maks»ni necha kun ichiryapsiz?

Jabrlanuvchi: Uch kun.

Advokat: Uch kundan keyin «Ambronol» ham ichiryapsizmi?

Jabrlanuvchi: Ha. Uni ["Dok-1 Maks»ni] ham qanaqa berganman — bir kun ichgan, ertasiga ichmagan, indiniga yana ichgan.

Advokat: Kalendar' kuni bo`yicha uch kun ["Dok-1 Maks"] berilgan bo`lsa, kasallikning 4−5 kunida «Ambronol» ichiryapsiz, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Tergov ko`rsatmalarini to`g`ri tushungan bo`lsam, «Ambronol»ni ham sizga sotuvchi tavsiya qilyapti, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Necha kun ichirdingiz?

Jabrlanuvchi: 3−4 kun, shekilli.

Advokat: «Dok-1 Maks» ichirilgan kunlar bilan qo`shsak, sakkiz, uzog`i to`qqiz kun bo`lyapti.

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: 21 dekabrgacha qizingiz uyda davolanyapti. Shu orada uni shifokorga ko`rsatmadingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo`q, men shifokorga ko`rsatmayman. O`zi men yoshligimdan do`xtirga bormaganman. Bir marta «grija» bo`lib qolganimda doktorga yotgandim. Qolaversa, o`zim ukoldan qo`rqaman. Bolam ham ukol olmaydi dedim, [doktorga] bormadik. Keyin qusaverdi, qusaverdi.

Advokat: Uzr, Mushtariyxon, bir narsani tushuning-da: farzandingiz tug`ilyapti, O`zbekistonda bola salomatligiga doir qonunchilik bor. Unga ko`ra, sizning hududiy uchastka vrachingiz bolangizni ro`yxatga qo`yishi kerak. Turli emlanmalari bor, 6 yoshgacha to`lgunchami bolani nazoratda ushlab turadi. Bu uchun mas'ul bo`lgan uchastkaga nahot murojaat qilmagansiz? Nahot qizingizda tibbiyot kartasi mavjud bo`lmasa?

Jabrlanuvchi: Yo`q, men Toshkentga ketganimdan keyin Shohista opam Andijon shahridagi uchastkaga olib chiqqan. Oddiy-oddiy narsalarni yozib bergan, shularni olib berib davolayotgan bo`lgan.

Advokat: Mushtariyxon, siz o`zingiz qaysi tumandan edingiz?

Jabrlanuvchi: Jalaquduq.

Advokat: Shohista opangiz Andijon shahrida yashaydi. Siz Jalaquduqda «propiska»da turgansiz. Bola ham Jalaquduqdagi uchastka vrachida hisobda turib, tibbiy muolajalarni olib turgan bo`lishi, nazoratda bo`lgan bo`lishi kerak. O`sha Jalaquduqdagi tegishli vrachingizni vaziyatdan boxabar qildingizmi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Ho`p. «Ambronol»ni 3−4 kun bolangizga ichiryapsiz-da, qolgan-qutganini o`zingiz ichib yuborishingizga sabab nima, singlim?

Jabrlanuvchi: Bolam shundan o`lganini bildim. Menam bolamning orqasidan shundan o`lgim keldi. Qishda, sovuqda.

Advokat: Demak, bolaga dastlabki simptomlarda tibbiyot xodimlari tashxis qo`ymagan. Boya aytgan Mirzohidingiz tibbiyot xodimi emas. O`zingizning ham ma'lumotingiz o`rta-maxsus. Qaysi kollejni bitirgansiz, singlim?

Jabrlanuvchi: Tikuvchilik sohasi bo`yicha.

Advokat: Tergovda shifokorga olib borganingizda birinchi kuni shifokorlar befarq bo`lganini aytyapsiz-da, qaysidir tanishingiz janjal qilgandan keyin shahar markaziy shifoxonasiga farzandingizni olib ketishgani haqida ko`rsatma bergansiz, to`g`rimi?

Jabrlanuvchi: Ha, sherigim shunday qilgan. Birinchi marta yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borganimda, «Voy, mana bunaqa bo`libdi, men ham „Dok-1 Maks“ ichiruvdim» desam, u «Dok-1 Maks» voqeasini mendan oldin eshitgan ekan, «Voy, nimaga beparvo bo`lyapsiz?» [degandi]. Men u odamni tanimayman, shunchaki u ham kasalxonada yotgan sherigim edi.

Advokat: «Dok-1 Maks»ni sotib olgan dorixonangizni tergovchilarga ko`rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo`q.

Advokat: Tergovga ko`ra, «Dok-1 Maks» bilan «Ambronol»ni alohida-alohida dorixonadan olgansiz. O`zbekistonga qaytaman deyapsiz. Qaytganda shularning manzilini sud kotibiga tashlab bera olasizmi? Ehtimol, ular siroplarning boshqasi [qalbakisi] bo`lgandir. Buni ham istisno qilib bo`lmaydi-da.

Jabrlanuvchi: Tashlab beraman. Men [sud bugun bo`lishini] kecha bildim. Agar ertaga bo`lganda, uchib borardim, o`zim qatnashardim.

Jabrlanuvchi Habibullo Yo`ldoshev ko`rsatmasi

Habibullo Yo`ldoshev 1981 yil Namangan shahrida tug`ilgan. Hozirda Samarqandda yashaydi. 2022 yil dekabr' oyida endigina 5,5 oylik bo`lgan Fotima-Zuhra ismli egizak qizlarining kichigi — Zuhra shamollashdan tuzalish uchun bir necha dori vositalarini ichgach, ahvoli og`irlashib, vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Egizaklarimning Zuhrasi shamollab qoldi. Bir kun o`tdi, ertasi kuni kechqurun dorixonaga chiqib, dori olib kelib ichirdim. Fotima shamollamagandi, unga ichirmaganman, hozir yaxshi. Bu dorini ["Tsinepar kid"] 2017−2018 yillarda boshqa farzandlarimiz shamollaganda ichirib yurardik. Indiniga shom payti siymay qo`ydi. Doktorga olib chiqdim. «Shamollagan bo`lsa, tanasida suyuqlik qolmagan, shunga siymayotgan bo`lsa kerak», dedi. Uyga qaytarib olib keldik. Ertasi kuni ertalab qarasak, yana siymagan. Yana uchta joydagi doktorga olib chiqdim. Urologlar ko`rib, hech qanday tashxis qo`yolmadi.

Qon laboratoriyasida ishlaydigan bir akamning xotinini chaqirib, «buni ko`ringlar-chi, bo`lmaydi, shekilli, siymayapti», dedim. «Tez reanimatsiyaga olib kiramiz», deb olib ketdi. «Analiz» qilishsa, 600 nechidir ham keratin dozasi chiqqan (modda nomi jabrlanuvchi aytgani bo`yicha yozildi — tahr.). U erda bir kun yotdi. Keyin shifokorlar telefon qilib, «buni Toshkentga olib bormasangiz bo`lmaydi, zahar hamma joyiga tarqab ketyapti», dedi. Shu bilan 5 dekabr' kuni olib keldim. 17 kun bu erda davolandi. Bo`lmadi, o`tib qoldi.

Sud ekspertizasiga olib borishdi. «Morg»ga borib: «Aka, bo`lar ish bo`ldi, yormanglar. Uyda 85 ga kirgan dadam, 77 yoshli onam bor. Ularning ikkoviyam ertadan-kechgacha Zuhrani boqishardi. Ko`rishsa, to`g`ri kelmaydi. Iltimos, yormasdan biror narsa qilsa bo`lar», dedim. «Yo`q, tekshirishimiz kerak», deyishdi. «Mayli bo`lmasa», dedim. Boshi, old ko`kragidan kindigigacha ochib, ekspertiza qilishdi.

Boshqa advokat: «Ambronol» ham ichirgan ekansiz-da. Uni kim tavsiya qilgan?

Jabrlanuvchi: «Ambronol», «Tsinepar kid», yana «Dok-1 Maks» ham ichirganmiz.

Advokat: «Dok-1 Maks» ham ichirganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Tergov jarayonida «Dok-1 Maks» haqida ko`rsatma bo`lmagan ekan-da. «Ambronol», «Tsinepar kid» ichirganman, deb ko`rsatma bergansiz, to`g`rimi?

Jabrlanuvchi: Endi odam har xil holatda turadi-ku. Shu, shunaqa ishlar bo`lib ketdi.

Advokat: Birinchi «Ambronol» ichirganmisiz yoki «Dok-1 Maks»?

Jabrlanuvchi: Birinchi «Tsinepar kid», keyin «Dok-1 Maks» ichirganmiz. «Ambronol»ni uchinchi kun, siymay qo`ygach ichirganmiz. «Go`zal» [nomli] shifoxonaga olib chiqqanda «Ambronol» bilan «Amoksitsillin» ichirishni aytgandi. «Bundan ichirganmiz» desam, «bo`pti bo`lmasa», deyishgandi.

Boshqa advokat: Dorilarni necha kun davomida ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: «Dok-1 Maks»ni ikki kun ichirganmiz, xolos.

Advokat: Doktor «Ambronol»ni tavsiya qilgandan keyin-chi?

Jabrlanuvchi: Yo`q, ichirmaganmiz.

Prokuror: Kimga, qanday da'vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Shularga davlat qanaqa chora ko`rsa, o`sha chora-da.

Prokuror: Umumiy?

Jabrlanuvchi: Ha.

Prokuror: Moddiy, ma'naviy?

Jabrlanuvchi: Kompensatsiya to`lab berishadi.

Prokuror: Qancha miqdorda?

Jabrlanuvchi: 1 mlrd beradi, aka.

Prokuror: So`rayapsiz.

Jabrlanuvchi: Bo`lmasa so`rashsin, 2 mlrd beraman — bolamni topib berishsin. 2 mlrd so`m qarz olib bo`lsa ham to`lab beraman, farzandimni qaytarib bersin. Shular olib kelgan doridan zaharlanib o`ldi bolalar.

Advokatlardan biri: Farzandingizga «Dok-1 Maks», «Ambronol»ni qanaqa dozada bergansiz?

Jabrlanuvchi: Ikkilik shpritsda 1,5 milligrammdan.

Advokat: Shpritsda tortganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha. Shuni ichirganmiz. 5,5 oylik go`dak bo`lgan.

Advokat: «Dok-1 Maks»ni sotib olib, farzandingizga berishdan oldin yo`riqnomasini o`qiganmisiz?

Jabrlanuvchi: Yo`q.

Advokat: «Dok-1 Maks», «Ambronol»ning 2 yoshdan katta bolalarga berilishi haqida ma'lumotga ega bo`lganmisiz?

Jabrlanuvchi: Yo`q. [Bu gapni keyin] shifoxonada, «Bolalar markazi»da «3 yoshgacha bo`lgan bolalarga sirop berish mumkin emas», deb aytishgan.

Advokat: [Siroplarning] yo`riqnomasida belgilangan dozadan oshib ketsa, ko`rsatilgan yoshdan erta berilsa, zaharlanish yoki boshqa teskari ta'sirlar keltirib chiqarishi ko`rsatilgan. Lekin siz 5−6 oylik go`dakka bergansiz-da. Bilmagan bo`lgansiz-da buni?

Jabrlanuvchi: Shunday. Negaki bundan oldingi akalari, opalariga ham shamollaganda shundan berganmiz-da.

Advokat: Ular necha yosh bo`lgan?

Jabrlanuvchi: 2017−2018 yillardagi holat bu.

Advokat: Yoshi katta bo`lgan-a?

Jabrlanuvchi: Ha. Shundan keyin uyga unaqa dori kirmagan.

Advokat: Ularning yoshi 5−6 oylik bo`lmaganda, shundaymi?

Jabrlanuvchi: O`sha go`daklik mahalida-da.

Boshqa advokat: «Tsinepar kid» necha kun ichirilgan?

Jabrlanuvchi: Bir mahal ichirilgan. O`shanda kechqurun yo`talganida ichirilgan.

Advokat: Qachondan «Dok-1 Maks» ichirishni boshladingiz?

Jabrlanuvchi: Ertasi kuni ertalabdan «Dok-1 Maks» bilan «Ambronol»ni oradan ikki soat o`tkazib ichirganmiz.

Advokat: «Tsinepar kid»ni mazasi bo`lmaganda kechqurun ichiryapsiz. «Dok-1 Maks»ni esa ertalab. Dorixonaga chiqib kelishga qachon ulguryapsiz?

Jabrlanuvchi: Ertalab chiqib kelyapman.

Advokat: Ertalab ikkilik shipritsda «Dok-1 Maks»ni berdim deyapsiz. U shprits «Dok-1 Maks»ning ichidan chiqqanmi?

Jabrlanuvchi: Yo`q, dorixonadan o`zim olib kelganman.

Advokat: O`sha «Dok-1 Maks»ning ichida qoshiqchasi bormidi, yo`qmidi?

Jabrlanuvchi: Kichkina plastmassa qoshiqchasi bor edi.

Advokat: Nimaga qoshiqchada emas, shpritsda berdingiz?

Jabrlanuvchi: 5,5 oylik go`dakka qoshiqchada ichirib bo`ladimi?

Advokat: Tushunarli. Shpritsda 1,5 milligramm tortishni sizga kim tavsiya qildi?

Jabrlanuvchi: O`zim.

Advokat: Shundan keyin «Dok-1 Maks» ichirdingizmi, yo`qmi?

Jabrlanuvchi: «Dok-1 Maks»ni birinchi marta ertalab 8:30 larda berdim. So`ng yo`tali qolarmikan deb, peshindan o`tganda, taxminan ikkilarda ikkinchi marta ichirdim. Shomdan ozgina o`tganda, doktorga borishimizdan oldin rafiqam telefon qildi. «Zuhraxon siymabdi-ya» dedi. Bilasiz, hovlida tandirda non qilinadi. Uyda beshikka belab qo`yib, non qilgan ekan. Kirsam, haqiqatdan beshikka belab qo`ygan, siymagan. Keyin kechki to`rt yarim-besh atrofida «Ambronol» olib kirib, undan ham ichirdim.

Advokat: Uni ham 1,5 milligramm berdingizmi?

Jabrlanuvchi: Taxminan shunaqa.

Advokat: Uning ichida ham qoshiqchasi bormidi yoki nimasi bor edi?

Jabrlanuvchi: Ahamiyat bermaganman.

Advokat: Idishini taxminan tasvirlab berolasizmi? Quyoncha, ayiqcha rasmlari bormidi, yo`qmidi?

Jabrlanuvchi: Bir yil bo`lgan narsa esda qoladimi?

Advokat: Endi siz dorini qaysi payt, qancha miqdorda berganingizni aniq aytyapsiz-da. Misol uchun, o`sha dorilarning ustida biror ko`zga ko`ringan, esda qolarli narsasi bormidi?

Jabrlanuvchi: Bilmayman. Men uning qutisiga ahamiyat bermagandim. Bolaning siymagani vahimaga solib qo`ygan. Nimaga siymayapti deb urologga olib chiqsam, uyog`ini ushladi, buyog`ini ushladi, buyragini ushladi, bilmadi. Ertasi kuni yana urologga olib chiqdim…

Advokat: To`xtab turing, urolog mayli — dori ichirish haqida gaplashayotgandik. Tushunishim bo`yicha, ertalab 8:30 da, 14:00 da «Dok-1 Maks», 16:30 da «Ambronol» beryapsiz. Ertalab 8:30 da «Dok-1 Maks» berganingizdan keyin siymay qolyapti-a?

Jabrlanuvchi: Siymay qolganini shom payti, doktorga olib borishdan oldin bilganmiz.

Advokat: Hammasi bir kunda, uch mahalda bo`lyapti-a?

Jabrlanuvchi: Ha. Undan bir kun oldin yo`tali qolarmikan deb «Tsinepar kid» ichirgandik.

Advokat: «Dok-1 Maks» beryapsiz, o`sha «Dok-1 Maks» bilan «Ambronol» dorilari qayerda?

Jabrlanuvchi: Qizim vafot etgach, tashlab yuboringlar, deganman.

Advokat: Tergovga, doktorlarga ham taqdim qilmagansizlar?

Jabrlanuvchi: Yo`q, doktorlarga aytganmiz.

Advokat: Qaysi dorixonadan olganingizni eslaysizmi, yo`qmi?

Jabrlanuvchi: Eslaymiz.

Advokat: Tergovdagilarga aytganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha. O`zimizning «Go`zal» kasalxonasining oldidagi dorixonadan olganmiz.

Sud'ya: Kimda yana qanday savol bor? (Hech kim indamadi — tahr.). Yo`q. Bo`ldi, rahmat.

Jabrlanuvchi: O`rtoq sud'ya, bu erga kelishdan maqsad — kecha telefon qilishganida bularga ham aytdim — foydasi bo`lsa boray, bo`lmasa, 400−500 ming so`m xarajat qilib bormaylik, natija bo`lsa, boraylik dedim.

Sud'ya: Nima natijani nazarda tutyapsiz?

Jabrlanuvchi: Bularga oliy, eng og`ir jazoni qo`llab berishingizni xohlaymiz. Keyin buyoqda farzandlari o`tgan ota-onalarga kompensatsiya pullarini to`lab berishlarini xohlaymiz.

Advokatlardan biri: Farzandingiz 5,5 oylik ekan. Sog`lig`i yomonlashgach, uni ko`zdan kechirib turadigan, o`zingiz yashaydigan hudud vrachiga ko`rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Ko`rsatdik.

Advokat: Dori ichirishingizdan oldinmi yo keyin?

Jabrlanuvchi: Ichirishimizdan oldin ham olib chiqqanmiz.

Advokat: Dorini sizga vrach tavsiya qildimi?

Sud'ya: Savolga javob berdi, «o`zim oldim» dedi.

Jabrlanuvchi: Uchinchi kuni «Ambroksol»ni tavsiya qilgan.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, buni men eshitdim. Faqat hozirgi javobdan kelib chiqib savol beryapman. Agar vrachning oldiga olib chiqqan bo`lsa, vrach ma'lum bir dori vositalarini tavsiya qiladi. Agar «Ambronol» yoki «Dok-1 Maks»ni bevosita o`zi xohlab olgan bo`lsa, vrachning tavsiyasi qayerda qoldi? Vrach qaysi dorilarni tavsiya qilgandi?

Jabrlanuvchi: Agar telefon qilishga ruxsat berishsa, hozir uydagilarga aytaman, vrachning retseptini rasmga tushirib tashlab berishadi.

Advokat: Yaxshi bo`lardi. U dorilarni ichirganmisizlar? Sotib olganmisizlar, yo`qmi?

Jabrlanuvchi: Sotib olganmiz.

Advokat: Maqsad farzandingizning o`limiga aybdor bo`lgan shaxslarni jazolash-ku. Bu bizga shuning uchun kerak-da.

Boshqa advokat: Ichirganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha, ichirganmiz.

Advokat: Retsept bo`yicha berilgan dorilarni ichiryapsizlar, to`g`rimi?

Jabrlanuvchi: Yo`q. «Go`zal» kasalxonasiga olib chiqqanimda uchinchi kuni yozib beryapti. Bu dorilarni bundan oldin ichirdim deb, u erdan olib chiqib ketdim. Ular ham xuddi o`sha tashxisni — shamollash, buyragida suvi qolmagan…

Advokat: Sizga «besh yarim oylik chaqalog`ingiz kasal bo`lganida dori ichirmasdan avval shifokorga bordingizmi?» deb savol berildi. Siz «bordim, retsept yozib berdi» dedingiz. «O`sha [retseptda yozilgan dorilar]ni oldingizmi?» deb so`ralyapti.

Jabrlanuvchi: Yo`q, olmadim.

Advokat: Nima uchun shifokorga bordingiz?

Jabrlanuvchi: Nimagaki shifokor hamma arzon dorilarni yozib berdi.

Advokat: Besh yarim oylik bolaga…

Sud'ya: Mayli, bunga sud baho beradi.

Boshqa advokat: Hozir «Ambroksol» ham ichirganingizni aytdingiz. «Ambronol» emas, «Ambroksol» ichirdingiz-a?

Jabrlanuvchi: Ikkalasini ham. «Ambronol»ning «korobka»si hali ham bor.

Advokat: Qanaqa?

Jabrlanuvchi: Qizil «korobka»da, katta «A» qilib qo`yilgan.

Boshqa advokat: Shunda 6 oylik bolaga «Ambronol», «Ambroksol», «Tsinepar kid», «Dok-1 Maks» bergansiz, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Boshqa advokat: «Dok-1 Maks»ning idishi qanaqa? Tasvirlab bering.

Jabrlanuvchi: Kichkina plastmassa idishda.

Advokat: «Korobka»si ham bormidi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Ustida biror yozuvi, rasmi bormidi?

Jabrlanuvchi: O`sha «Dok-1 Maks»ning bir raqami yozib qo`yilgandi.

Sud'ya: Siz hozir «Ambronol»ni katta «A» harfida deyapsiz-da, rasmini ko`rsatsam, o`shami, boshqami, farqlab berasizmi?

Jabrlanuvchi: Qizil bilan yozib, katta «A» qilib qo`yilganda.

Sud'ya: Keling-chi.

Jabrlanuvchi sud'yaning oldiga borib, o`zi ishlatgan dori sud'ya suratini ko`rsatayotgan dori bilan bir xilmi yoki yo`q — shuni bildirdi.

Sud'ya: Bo`ldi, sud baho beradi. Savol yo`qmi? (Jimlik — tahr.) Bo`ldi, [jabrlanuvchiga qarata] o`tiring.

Jabrlanuvchi Gulandom Rahmonova ko`rsatmasi

Jabrlanuvchi Gulandom Rahmonova 1993 yil Samarqand viloyati Nurobod tumanida tug`ilgan. Hozirda shu tumanning «O`rtaog`iz» mahallasi Tinchlik qishlog`ida yashaydi. Uning ikki farzandi — bir qizi va bir o`g`li bor edi. 2017 yil fevral' oyida tug`ilgan o`g`li Shamshodbek Rahmatullayev 2022 yil dekabrida shamollashdan davolanish uchun dori ichgach, ahvoli og`irlashib vafot etgan.

Ko`rsatmadan oldin shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sud'ya: Nima ish qilasiz?

Jabrlanuvchi: Poliklinikada hamshira bo`lib ishlayman.

Sud'ya: Ma'lumotingiz o`rta bo`lsa, tibbiyot kollejida o`qigansiz-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sud'ya: Oilalisiz. Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Ikkita edi, bitta qoldi (shunday deb yig`lab yubordi — tahr.).

O`g`limda 2022 yil 3 dekabrda gripp alomatlari sezildi. Poliklinikamiz uzoqda, qishloqda bitta men ishlayman, dorixona ham yo`q. 4 dekabr' kuni [Nurobod tumanidagi] Jom [qishlog`i]ga bordik. O`sha erdagi dorixonadan ["Dok-1 Maks"] oldim. «Dok-1 Maks»ni ikki kun, ikki mahal 5 grammdan ichirdim. Bolam siymay qoldi.

O`zimizning poliklinika 20−25 km uzoq bo`lgani uchun shuyoqqa (jabrlanuvchi aynan qayerligini aniqlashtirmadi, taxminan, Jom qishlog`iga — tahr.) olib bordim. Rasulov degan vrach bor edi. U Nurobod tumani kasalxonasiga yo`llanma berdi. Olib bordik, darrov reanimatsiyaga oldi. Kechqurun ul'tratovush tekshiruv (UZI)larni qildi. Bola siymayapti, qovuqda ham siydik yo`q.

Keyingi kun Samarqand viloyati ko`p tarmoqli shifoxonasiga olib bordi. Shanba kuni edi. U erda Bahodir aka Pardayev qabul qildi. O`sha kunning o`zida gemodializga oldi. Keyin, kasallik tarixi ochilgach, Feruza ismli [shifokor] so`raganida «Dok-1 Maks» ichirganimni aytdim.

O`zi u erda «Dok-1 Maks»dan ikkitami, uchtami bola tirik qolgan, qolgani o`lgan ekan. Bizga 17 yo 18-kunga kelyapsiz dedi. Keyin dorilar yozdi. Bolam har kuni qiynalib gemodializ oldi (shunday deb yig`lab yubordi — tahr.). Keyin 18 dekabrda bo`lmay qoldi.

Prokuror: Qanday da'vongiz bor?

Jabrlanuvchi: «Dok-1 Maks»ni O`zbekistonga kirgizganlarga eng og`ir jazo berilsin. Hech kimning farzandiga, hatto dushmanimning bolasiga ham o`lim tilamayman. Farzandlarining boshiga tushmasin, lekin o`zlariga o`lim jazosini bersalaringiz ham, oldimda qiynab o`ldirsalaringiz ham ko`nglim taskin topmaydi-da (shunday deb yig`lab yubordi — tahr.). Farzand dog`i shunchalar og`irki, bilmadim, endi qanchadan-qancha ota-onalar shunchalik azob chekyapti. Bir yil bo`lyapti, bir yildan beri ko`zimdagi yosh tingani yo`q.

Prokuror: Moddiy da'vongiz bormi?

Jabrlanuvchi: Qancha bersa, mening bolam qaytib keladi?

Prokuror: Siz [moddiy da'voni] xohlaysizmi-yo`qmi — shuni so`ramoqchi edim.

Zalda o`tirgan, o`zini jabrlanuvchining singlisi deb tanishtirgan ayol: «So`raydi, bor».

Jabrlanuvchi: 10 milliard beradi. Lekin men 10 milliardni 100 milliard qilib qaytarib beraman — bolamni olib kelib, shunday oldimga qo`ysin! Mayli, yotgan joyidan olib kelib qo`ysin. Bir kuni uchun 100 milliard beraman! Ko`chaga chiqib, gadoychilik qilsam ham, shu pulni topaman.

Jabrlanuvchi Umarali Umariy ko`rsatmasi

Jabrlanuvchi Umarali Umariy 1993 yil Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug`ilgan. Zavodda hisobchi bo`lib ishlaydi. To`ng`ich farzandi Nurmuhammad Umariy shamollashdan tuzalish uchun dori ichgach, ahvoli og`irlashib, 2023 yil 9 yanvarda vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Dekabr' oyi edi. O`g`lim shamollaganda dadam bilan ayolim qishloqdagi dorixonadan dori olib kelgan. Retseptsiz berilarkan-ku, «Ambronol» siropini ichgan. Ikki kun ichdi, issig`i ko`tarilib, tushavermadi. Oqshom bilan qayt qilib chiqdi.

Adashmasam, 8 dekabr' edi. Urgutdagi bolalar shifoxonasiga olib bordik. Qayt qilishlarni shamollashdan dedi. Ikkita «sistema» qo`ydi, olib qoldi. Ikki kun yotdi. Keyin «bola siymayapti» dedi. UZIga olib borib, buyragini tekshirtirsam, «buyragida siydik yo`q, buni viloyatga olib borish kerak», deb maslahat berdi. Oqshom ishdan chiqib kelsam, ayolim do`xtirlar ko`p qayt qilganidan tanasida suv qochib ketgani, shuning uchun siymayotganini bildirgani haqida aytdi. Keyin bir hamshira «bolani olib boringlar, mazasi yo`q, hattoki shishgan ham», dedi. Oqshom o`zim turib, mashina chaqirib, shahar shifoxonasiga olib bordim.

Avval ko`p tarmoqli kasalxonaga borgandim, yopiq ekan, qabul qilmadi. Keyin tez yordam bo`limiga o`tkazdik. U erda ham UZI qilib ko`rgandi. «Haqiqatan bolaning qovug`ida siydik yo`q, buyrak ishlamayapti», degan xulosa bilan bolaning ahvoli og`ir deb, birdan reanimatsiyaga oldi. Keyingi kun davolovchi kelib, «bolaning buyragi ishlamayapti, dializ qilish kerak», dedi. Nima maslahat berasiz degandik, [dializ uchun vositalar] bizda yo`q, «ko`p tarmoqli»da bor, shundan olib kelib bersangiz, dializ qilamiz dedi.

Ularda Bahodir degan do`xtir «12 ta bola buyragi ishlamay yotibdi, hozir imkonimiz yo`q», dedi. Toshkentda tibbiy narsalar olib keladigan bir do`kon bor ekan, o`shalarning raqamini berdi. Ikki kunda topib olib keldik. Keyin dializ qildi, 20 ga yaqin dializ oldi. Bolam beshinchi kuni ikkita dializdan keyin komaga tushib qoldi. Bir hafta o`tgach, siydik tushdi. Siydikda ham «machevina» kabi zaharli moddalar bo`lishi kerak ekan, o`shalar yo`q edi. «Buyrak ishlagani bilan, zaharli moddalar buyrakka o`tmayapti» deyishdi. Bolam 9 yanvar' kuni vafot etdi.

Advokat: «Ambronol»ni qancha miqdorda bergansiz?

Jabrlanuvchi: O`zining shpritschasi bor ekan-ku, onasi shundan tortib, qaynoq suvgami solib, tayyorlab bergan ekan. Miqdori haqida menda ma'lumot yo`q.

Advokat: Tergov jarayonida to`rt kun davomida ikki mahaldan 10 gramm deyilgan ekan. Siz shpritsini ko`rganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Keyin dorini nima qildingiz?

Jabrlanuvchi: O`zi kamgina qolgan edi. Uydagilar yig`ishtirib tashlab yuborgan.

Prokuror: Da'vongiz bormi? Kimga qanaqa da'vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Da'vom dorini olib kirganlarga-da. Sud jarayonini ko`rib boryapman, kechagisini internetdan ko`rdim. Qanaqadir hujjatlarni oz-moz tushunaman. «Bilib oldim», «ajratdim», «qo`l qo`ydim» deyapti-ku. O`shalarga qonuniy jazo qo`llashlaringni xohlardim.

Prokuror: Moddiy, ma'naviy da'vongiz bormi?

Jabrlanuvchi: Yo`q, da'vom bo`lgani bilan baribir… (gapini davom ettirmadi — tahr.).

Advokatlardan biri: «Ambronol» dorisini o`zingiz ko`rganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha, qutida edi. Ichida oddiy ukolga o`xshamagan, boshqacha, uchi kesilgan shprits bor edi. Bolaga ichirish oson bo`lishi uchun o`sha orqali berardik.

Advokatlardan biri: Dorini ayolim tanlagan deyapsiz. U kishining mutaxassisligi qanaqa?

Jabrlanuvchi: O`rta-maxsus, tikuvchilikni bitirgan.

Advokat: Farzandingiz kasallangan vaqtda dori sotib olishdan oldin shifokorga ko`rsatdingizmi? Uchastka vrachiga telefon qildingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo`q. Dorixonaga borganda retseptsiz beriladi, deb maslahat bergan. Keyin u paytda [bolaning ahvoli] engilroq edi. O`zi [ahvoli og`irlashishining] oldini olish maqsadida olib kelgandik.

Jabrlanuvchi sud'yaga: Savolim bor edi. «Dok-1 Maks» yoki «Ambronol»dan bo`lgani haqida ekspertiza o`tkazgansizlar-a? Zaharlar aniqlangan. O`g`limda ham shu ekspertiza qilingan, lekin uni o`qib ko`rganim yo`q-da. Undan zaharlarning asoratlari topilgan-topilmaganini bilmoqchiman.

Sud'ya: Ekspertizada 2023 yil 23 yanvarda farzandingiz Nurmuhammad Umariyda o`tkir buyrak etishmovchiligi aniqlangani ham yozilgan ekan. Mutaxassislar dori ikki kun ichida, agar buyrakni yuvadigan yoki boshqa vositalar qo`llanilsa, undan ham oldin organizmdan chiqib ketadi, lekin uning asoratlari, tuzlar organizmda qoladi deydi. O`g`lingizdan tuzlar aniqlangan.

Jabrlanuvchi: Bir varaqlik narsami?

Sud'ya: To`qqiz varaq.

Jabrlanuvchi: Menga tushuntirmay, bir varaq narsaga imzo qo`ydirgandi-da.

Sud'ya: Aka, hozir ko`rsat desangiz, ko`rsatishim ham mumkin. Lekin tavsiya qilmayman. Ichida rasmlar bor. Yomon ta'sir qilishi mumkin.

Jabrlanuvchi: Bo`ldi, tushundim.

Jabrlanuvchi Zoyirjon Mamadaliyev ko`rsatmasi

Jabrlanuvchi Zoyirjon Mamadaliyev 1991 yil Farg`ona viloyatining Bag`dod tumanida tug`ilgan. Ustachilik qiladi. 2019 yil centabrda tug`ilgan o`g`li 2022 yil noyabr' oyida shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og`irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: O`g`lim gripp bo`lib, burni oqaverdi, dorixonaga borib, «yaxshi dori bering» desak, «Dok-1 Maks»ni berdi. Qoshiqchasida yarimlatib ikki yoki uch mahal bergandik. Shuni ichgach, og`irlashishni boshladi. Isitmasi ko`tarilib, ichgan suvidan tortib egan narsasigacha hammasini qayt qilib, og`irlashaverdi.

Keyin o`zimizning kasalxonaga olib chiqdik. Ertasi kuni xususiy shifoxonaga olib bordik. U erda bir kun qoldi. Tekshirib, qon tahlillarini ko`rishdi, siydik tahlili yo`q. Ular davlat kasalxonasiga jo`natdi. U erda tekshirib ko`rib, «bizda [apparatlar] yo`q» deb, Farg`onaga jo`natdi.

Farg`onada dializga olib bordi. Buyrakni vaqtincha ishlatib turadigan buyrak apparati bor ekan, o`sha erga olib borib, uch kuncha qarashdi. Farg`onada 15 kun davolandi, 15-kuni o`tib qoldi.

Sud'ya: Siz dorini o`zingiz olganmisiz yoki olib kelib berishganmi?

Jabrlanuvchi: Dadam olib kelibdi.

Sud'ya: Dorilar qayerda?

Jabrlanuvchi: Bizniki hamma [zaharlanishlar]dan avval, noyabrda bo`lgan-ku. Bu holat dekabr'-yanvarlarda televizorlarda reklama bo`lib chiqib, shov-shuv bo`lgach, o`zim olib, yoqib yuborganman. Shov-shuv bo`lmaguncha o`sha doridan bo`lganini ham bilmagandim. Bir haftalardan keyin ichki ishlar kelib, so`roq qilganda yoqib yuborganimni aytdim. Ularni dorixonachining oldiga ham olib bordik, uni ham so`roq qilishdi.

Prokuror: Kimga nisbatan qanday da'vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Davlat qanday jazo bersa, shunga rozimiz.

Prokuror: Moddiy-ma'naviy da'vongiz bormi?

Jabrlanuvchi: El qatori nima bo`lsa, shu endi.

Advokatlardan biri: O`g`lingiz kasal bo`lganda simptomlari ko`ringan. To dori ichirguncha do`xtir chaqirib ko`rdingizmi, yo`qmi?

Jabrlanuvchi: Yo`q. Dori ichmasdan oldin sog`lom edi. Ichgandan 3−4 kun o`tib boshlandi-da. Keyin sekin-sekin bir nechta do`xtirlarga ko`rsataverdik. O`tkir buyrak etishmovchiligi tashxisi qo`yishdi.

Advokat: Simptomlar sezilganda dorini ichirishdan oldin do`xtirga ko`rsatib ko`rmadingiz-a? Rafiqangiz vrachmi, oilangizda vrach bormi?

Jabrlanuvchi: Vrach yo`q.

To Top ↑
To Top ↑