x

Isroil bombardimoni va qamaliga duchor bo`lgan G`azoning 2,3 million aholisi tirik qolish uchun kurashmoqda. Urush begunoh bolalarga ham beayov zarba bermoqda.

Anadolu axborot agentligi xabariga ko`ra, ko`pdan buyon to`yib ovqatlanmayotgan g`azolik bolalar toza suv va issiq ovqatni orzu qilmoqda.

«Suv ham, egulik ham yo`q. Ayniqsa toza suv topish muammo bo`lib qoldi. Bori ham ichishga yaroqsiz sho`r suv... Isroil harbiy samolyotlari hujumida uyimiz vayron bo`ldi. Bombalardan hamma uylar yakson bo`lyapti. Qani edi yana do`stlarim bilan o`ynasam edi!» – deydi 11 yoshli Abdullatif Bakir.

Bolakay urush tezroq tugashi, go`sht tanovul qilish orzusida ekanini aytgan.

«Och qolyapmiz. Hamisha xavotir ichidamiz. Urushdan charchadik. Har daqiqada o`lishimiz mumkin», – deydi shafqatsiz sinovlar tufayli barvaqt voyaga etgan bola.

Isroil harbiylari HAMAS guruhining 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G`azoga bomba yog`dirmoqda. 8 oktyabrdan hudud suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg`idan mahrum qilingan. Bu esa 2007 yildan buyon qamal holatida yashayotgan Falastin anklavidagi vaziyatni yanada og`irlashtirdi.

BMT G`azodagi 2 milliondan ziyod odam suvsiz va oziq-ovqatsiz qolayotgani, gumanitar inqiroz chuqurlashayotgani haqida bong urgan. Oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa birlamchi zaruriy mahsulotlar ortilgan gumanitar karvon Rafah chegara postidan o`tkazilmayapti. Ko`p sonli falastinliklarning birlamchi ehtiyojini qondirish uchun kuniga kamida 200 mashina gumanitar ko`mak kerak bo`lishi aytilgan. Shu ma'noda salkam uch hafta ichida Misrning Rafah posti orqali G`azoga yo`llangan bir necha o`n yuk mashinasi dengizdan tomchi deb baholanmoqda.

G`azodagi novvoyxonalarning bir qismi aviahujumlarda vayron bo`lgan. Sog` qolganlari ham elektr energiya, un va suv taqchilligi sabab ishlamayotir. Hatto bolalar ham kuniga bir mahal suv va kamtarona egulikka qanoat qilishga majbur bo`lmoqda.

Falastin tomoni Isroil 7 oktyabrdan buyon G`azoga 12 ming tonna portlovchi modda yog`dirgani, bu esa Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh tomonidan Yaponiyaning Hirosima shahriga tashlangan atom bombasi kuchiga teng ekanini ma'lum qilgan. 

«Defense for Children International – Palestine» tashkiloti Isroil aviahujumlaridan har 15 daqiqada bir bola hayotdan ko`z yumayotganidan ogohlantirgan.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyoz Mansur so`nggi 19 kun ichida Isroil hujumlari oqibatida qariyb 3000 bola halok bo`lganini ma'lum qilgan.

BMTning Bolalar jamg`armasi (YuNISYeF) G`azoda bolalar o`limi soat sayin oshib borayotganidan xavotir izhor qilib, uni to`xtatishni talab qilgan.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti ham G`azodagi noinsoniy qamalni va tinch aholiga hujumlarni keskin qoralagan.

Isroil tomoni HAMAS harakati yo`q qilinmaguncha harbiy amaliyot davom etishi haqida bayonot bergan.

To Top ↑
To Top ↑