O`zbekistonda 2022 yilda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida nafaqa olganlarning 5,6 foizi o`ziga to`q va 12,5 foizi o`rta ahvoldagi oilalar bo`lgan. Bu esa jami nafaqa oluvchi oilalarning 18,1 foizi kam ta'minlangan, biroq haqiqatda ijtimoiy yordamga muhtoj bo`lmagan oilalar deganidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Zokirovaning ma'lum qilishicha, bu borada o`tkazilgan o`rganishlarda nafaqa oluvchi 117 mingdan ortiq oilaning iqtisodiy ahvoli yaxshilangan. Hususan 78 ming nafardan ortiq oila a'zolari yuqori ish haqi asosida ishlayotgani, 34 ming nafardan ortiq oila a'zolari avtotransport vositasi, 11 ming nafardan ortig`i ko`chmas mulk xarid qilgan aniqlangan.
Deputatga ko`ra, hozirda aholi o`rtasida biror oilaning shu turdagi nafaqaga loyiq yoki yo`qligi borasida turli yondashuvlarni uchratish mumkin.
«Bunga asosiy sabab, nafaqa tayinlangandan keyin oilaning iqtisodiy ahvoli monitoring qilinmasdan, muddat yakuniga qadar to`lovni amalga oshirilganidir.
Misol uchun, bir oilaga 2023 yil yanvar' oyida bolalar nafaqasi tayinlanganda oilada avtomashina bo`lmagan. Ammo bir oydan keyin, ya'ni fevral' oyida oila yangi ulov sotib olgan. Ushbu oilaga nafaqa 12 oylik muddat yakunigacha, ya'ni shu yilning dekabriga qadar to`lanadi. Huddi shunday holatlar nafaqa tayinlangandan so`ng yuqori ish haqi beruvchi ishga joylashishi yoki keyinchalik ko`chmas mulk xarid qilgan oilalarda ham kuzatiladi», – deydi u.
Qayd etilishicha, Hukumatning «Ijtimoiy himoya yagona reestri axborot tizimi orqali kam ta'minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo`yicha elektron ko`rinishda ariza berishni joriy etish to`g`risida»gi qarori loyihasida yuqoridagi kamchiliklarning echimi o`z ifodasini topgan.
Ya'ni, unga ko`ra oilaning iqtisodiy ahvoli avtomatik ravishda vazirlik va idoralardan olinadigan elektron ma'lumotlarga muvofiq har oyda monitoring qilib boriladi hamda iqtisodiy holati yaxshilangan oilalarga nafaqalarni to`xtatish amaliyoti joriy etilmoqda.