x

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamg`armasi (UNICEF) Isroil va HAMAS o`rtasidagi qurolli to`qnashuvlar oqibatida halok bo`layotgan, jabr ko`rayotgan bolalarning ahvolidan tashvishda ekanini bildirdi va har ikki tomonni sulh tuzishga chaqirdi. Bu haqda Tashkilot o`zining rasmiy sahifasida bayonot berdi. 

Tashkilot keltirgan statistikalarga ko`ra, so`nggi 18 kun ichida G`azo sektorida 2 ming 360 kishi halok bo`lgan, 5 ming 364 kishi jarohat olgan. Bu har kuni 400 dan ortiq bolalar halok bo`lgani yoki yaralanganini anglatadi. Isroilda ham urushdan jabr ko`rgan bolalar bor. Jumladan, 30 dan ortiq isroillik bolalar hayotdan ko`z yumgan, o`nlab bolalar esa G`azo sektorida asirlikda qolmoqda. Shu 18 kunlik muddat G`azo sektori va Isroilda 2006 yildan beri BMT guvohi bo`lgan jangovar harakatlarning eng halokatli avj olishi ekani aytildi.

“Bolalarni o`ldirish yoki mayib qilish, ularni o`g`irlash, shifoxonalar va maktablarga hujum qilish, insonparvarlik yordamini rad etish bolalar huquqlarining jiddiy buzilishidir. UNICEF zudlik bilan barcha tomonlarni o`t ochishni to`xtatishga, insonparvarlik yordamiga ruxsat berishga va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqiradi. Hatto urushlarning ham qoidalari bor. Tinch aholini, ayniqsa bolalarni himoya qilish kerak”, deydi UNICEF`ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo`yicha mintaqaviy direktori Adel' Hodr. 

Shuningdek, G`arbiy Sohilda ham qurbonlar sonining xavotirli ortishi kuzatilmoqda. Ma'lumotlarga ko`ra, yuzga yaqin falastinliklar, jumladan, 28 nafar bola halok bo`lgan va kamida 160 nafar bola jarohat olgan. 

“G`azo sektoridagi vaziyat bizning jamoaviy vijdonimizdagi dog` bo`lmoqda. Bolalarning o`limi va jarohati darajasi hayratlanarli. Bundan ham qo`rqinchlisi shundaki, agar insonparvarlik yordami, jumladan oziq-ovqat, suv, tibbiy buyumlar va yoqilg`i etkazib berishga ruxsat berilmasa, har kuni qurbonlar soni ortib boraveradi”, deydi Hodr. 

Tashkilotga ko`ra, shifoxonalarda tug`ilgan chaqaloqlarning yashab qolishi uchun elektr toki zarur. Bundan tashqari, G`azo sektorining qariyb 2,3 million kishidan iborat bo`lgan butun aholisi og`ir va keskin suv tanqisligiga duch kelgan. Bu erda aholining qariyb 50 foizini bolalar tashkil etadi. Shuningdek, yaradorlar sonining ko`pligi ham dori-darmonga bo`lgan ehtiyojning qay darajada katta ekanini ko`rsatadi. 

“Vayronalar ostidan og`ir ahvolda qutqarib olingan va shifoxonalarda davolanishni kutayotgan bolalarning titrayotgani tasvirlari ular boshdan kechirayotgan ulkan dahshatni aks ettiradi. Ammo insonparvarlik yordamisiz, hujumlar oqibatida o`lganlarning soni aysbergning uchigina bo`lishi mumkin. Agar inkubatorlar ishlamay qolsa, shifoxonalar qorong`i bo`lsa, bolalar xavfli suv ichishda davom etsa va ular kasal bo`lib qolganda dori-darmonlardan foydalanishning imkoni bo`lmasa, o`lim soni keskin oshadi”, deydi UNICEF vakili.

To Top ↑
To Top ↑