Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoq faollaridan biri Saodat Abduzokirova o`zining Feysbukdagi sahifasi orqali video murojaat qilib Toshkentdagi 178-o`rta ta'lim maktabda 9-sinf o`quvchilari o`rtasida pichoqbozlik bo`lgani, maktablarda o`tkir va tig`li buyumlarga tekshiruvlar o`tkazilmayotganini tanqid qilgan .
Yuqoridagi holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi quyidagilarni ma'lum qildi.
"Ma'lumot o`rnida aytish kerak, Chilonzor tumanidagi 178-sonli umumta'lim maktabida “Davomat” hamda “Tig`” tadbirlari muntazam o`tkazib kelinadi", — deyiladi rasmiy munosabatda.
Ma'lum qilinishicha, 2023 yil 9 oktyabr' kuni 178-maktab 9-sinf o`quvchilari S.A. hamda Ch.N. o`z vaqtida darsga kirmasdan soat taxminan 10 larda maktabga kechikib kelgan. Ularni hovlida maktab direktori qarshi olgan. Sababi so`ralganida o`quvchilardan biri S.A. sinfdoshi Ch.N. uyida pichoq bilan qo`lini kesib olgani, aptekadan spirt va bint olib uning qo`lini bog`lashganini aytgan. Maktab direktori Ch.N. ni tibbiyot xonasiga olib kirib, qo`lidagi jarohatni qayta bog`latishini tayinlagan. So`ngra 9-sinf rahbari M.E. orqali o`quvchi Ch.N. ning onasi E.I. maktabga chaqirtirilgan. Ammo yuqoridagi ko`ngilsizlik maktab hududida sodir etilmagan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Chilonzor tuman IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma'lum qilingan.
"Ayni paytda mazkur holat to`liq Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi nazoratiga olingan. Yakuniy xulosa haqida keyinroq ma'lum qilamiz", — deyiladi Toshkent shahar MMTB Matbuot xizmati xabarida.