x

Yetakchilik bo`yicha mutaxassis, psixologiya bo`yicha eng sara kitoblar muallifi Tim Elmor tadqiqotlari orqali ota-onalarning oddiy xatolarini aniqladi. Ayon bo`lishicha, bunday tarbiya orqali bolalarda o`z-o`ziga ishonchsizlik paydo bo`ladi va shaxsiy hayotda hamda ish faoliyatida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini cheklaydi.

Ota-onalarga tarbiyada xatolikka yo`l qo`ymasliklari uchun Elmorning ushbu maqolasi bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz.

1. Farzandimizni tavakkal qilishiga qo`yib bermayman

Biz har qadamda xavf bo`lgan zamonaviy hayotda yashaymiz. “Ehtiyotkorlik hammasidan muhim” fikri farzandimizni yo`qotib qo`yish qo`rquvini yanada orttiradi, shuning uchun biz uni cheksiz mehrimiz tufayli himoya qilamiz. Yevropa psixologlarining aniqlashicha: agar bolalar ko`chada o`ynamasa, o`zi yiqilib, turib yurmasa, katta bo`lgach, ular turli fobiyalar bilan og`riydi.

Bola yiqilish norma ekanligini anglashi uchun bir necha bor yiqilishi lozim. O`smirlar esa hissiy etilib, uzoq davom etadigan munosabatlarga tayyor bo`lishi uchun janjallashib, birinchi muhabbatini yo`qotish azobini chekishi kerak.

Ota-ona farzandidan tavakkal qilish imkoniyatini olib qolishi bilan ularda takabburlik, manmanlik va o`z-o`ziga past baho berishni shakllantiradi.

2. Biz juda tez yordamga shoshilamiz

Hozirgi yosh avlodda 30 yil oldingi bolalarga xos bo`lgan ba'zi sifatlar rivojlanmagan. Farzandimiz qiynalib qolganda tez yordamga kelish va unga haddan ortiq mehr berish bilan biz ularning qiyin vaziyatlarda echim topish xususiyatini so`ndiramiz.

Ertami-kechmi bolalar kimdir ularni doim qutqarishiga o`rganib qolishadi: “Agar xato qilsam yoki maqsadimga erisholmasam, kattalar vaziyatni to`g`irlaydi”. Ammo aslida kattalar dunyosi butunlay boshqacha qurilgan.

Bunday tarbiya ta'sirida bolalaringiz kattalarning murakkab olamiga layoqatsiz bo`lib o`smoqda.

3. Biz uni juda maqtab yuboramiz

O`z-o`ziga baho berishni oshirish harakati hali bebi-bumerlar davrida boshlangan, 1980 yillarda esa u maktabda ildiz otdi. “Har bir ishtirokchi kubokni qo`lga kiritadi” qoidasi bolaga o`zini alohidadek his qilishga yordam beradi. Biroq zamonaviy psixologlarning fikricha, bu metod noaniq natijalarga olib keladi.

Biroz vaqt o`tgach, bola uni ota-onasidan boshqa hech kim ajoyib, deb hisoblamayotganini sezadi. Shunda bola ota-onasining xolisligiga shubhalanadi. U maqtov olayotganidan xursand bo`ladi, ammo bu haqiqatga to`g`ri kelmasligini anglaydi.

Bunday bola vaqt o`tishi bilan noqulay vaziyatdan chiqish uchun muttahamlik qilishni, bo`rttirib aldashni boshlaydi. Chunki u shunchaki qiyinchiliklar bilan to`qnashishga moslashmagan.

4. Yaxshi xulq-atvorning gunohkorlik hissini yopib ketishiga yo`l qo`yib beramiz

Bolangiz sizni doim yaxshi ko`rishi shart emas. U hayotda ko`p qiyinchiliklarni engib o`tishi lozim, ammo bunda unga erkatoylik halaqit beradi. Shuning uchun farzandingizga “yo`q” va “hozir emas” deyishni biling, shundagina ular o`z xohishlari va ehtiyojlari uchun kurashishni o`rganishadi. Agar oilada bir nechta farzand bo`lsa, ota-ona bir farzandni taqdirlab, qolganini ajratib qo`yishni haqiqatdan emas, deya baholashadi. Ammo hammasini bir xil vaqtda rag`batlantirish amalda hayotga to`g`ri kelmaydi. Bunday harakatlar bilan biz muvaffaqiyat harakatchanlik va yaxshi amallarga bog`liq ekanligini bolalarga namoyish qilish imkoniyatini o`tkazib yuboramiz.

Endidan bolalarni savdo markazlariga olib borishdan oldin yaxshilab o`ylab ko`ring. Agar sizning munosabatingiz faqat moddiy rag`batlar bilan bog`liq bo`lsa, bola hech qanday ichki turtkini ham, muhabbatni ham his qilmaydi.

5. O`tmishimizda qilgan xatolarimiz bilan o`rtoqlashmaymiz

Vaqti kelib, har qanday o`smir o`zi qanot yozib, harakat qilishni istaydi. Shunda kattalar unga yo`l ochib, ruxsat berishlari lozim. Ammo bu ota-onaning bolasi uchun hali notanish bo`lgan narsa va hodisalarda unga yo`l ko`rsatib yuborishi mumkin emasligini anglatmaydi.

Shunday ekan, aziz ota-onalar farzandingizning yoshida qilgan xatolaringiz to`g`risida gapirib bering. Ammo suhbatingiz pand-nasihatga aylanib ketmasin.

Bolalar ko`ngilsizliklar bilan yuzma-yuz kelishga tayyor bo`lishlari va qabul qilgan qarorlarining natijasiga javob berishlari lozim.

Ularnikiga o`xshash vaziyat bilan to`qnash kelganingizda o`zingizni qanday his qilganingiz, qanday choralar ko`rganingiz va bundan nimalarni o`rganganingizni aytib bering.

6. Biz intellekt va qobiliyatni voyaga etganlik bilan adashtiramiz

Intellekt ko`pincha bolaning kamolot darajasi ma'nosida qo`llaniladi. Bunday vaziyatlarda ba'zi ota-onalar aqlli bola haqiqiy hayotga tayyor deb o`ylashadi. Ammo bu noto`g`ri. Masalan, ba'zi professional sportchilar yoki Gollivud yulduzlari juda qobiliyatli bo`lishsa-da, ommaviy janjallarga tushib qolishadi.

Farzandingizni har sohada qobiliyatli, deb o`ylamang.

Bolaga qachon qandaydir aniq erkinlik berishning mukammal “javobgarlik yoshi” yoki qo`llanmasi mavjud emas.

Ammo yaxshi qoida bor – farzandingiz yoshidagi boshqa bolalarni kuzatish. Farzandingizning tengdoshlari o`zini ancha mustaqil eplayotgan bo`lsa, balki, sizning o`zingiz kichkintoyingizdagi mustaqillikning rivojlanishiga to`sqinlik qilayotgandirsiz.

7. Farzandimizga o`rgatayotgan narsamizga o`zimiz amal qilmaymiz

Ota-ona sifatida farzandimizga tilayotgan hayotni avval o`zimiz yaratib olishimiz, unga namuna qilib ko`rsatishimiz zarur. Hozir oilaning etakchisi aynan bizmiz, shuning uchun atrofdagilarga bo`lgan munosabatimizda haqiqatni saqlab turishimiz kerak. Qilayotgan ishlaringizni, hatto, maydasini ham nazorat qiling, chunki sizni farzandingiz kuzatib turibdi.

Agar siz qoidalarga amal qilmasangiz, farzandingiz ham ularga bo`ysunmaydi. Boshqalarga ko`ngildan yordam berish nima ekanligini bolangizga ko`rsating. Atrofingizni va insonlarni yaxshilashga harakat qiling, shunda farzandingiz ham xuddi shu yo`lni tutadi.

To Top ↑
To Top ↑