Andijon viloyatida ham 12 nafar bola zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani ma'lum bo`ldi. Qayd etilishicha, bugun, 22 sentyabr' kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Andijon filialiga borib, toksikologiya bo`limidagi 12 nafar bolalar bilan uchrashgan.
Unda dori vositasining nojo`ya ta'siri oqibatida mazkur shifoxonaga kelgan barcha ota-onalar va bolalar bilan suhbatlashgan.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati
“Hozirda bolalarning umumiy holati yaxshilanmoqda. Shifokorlarning aniq ma'lumot berishlaricha, bemorlarda jiddiy yoki hayot uchun xavfli bo`lgan hech bir holat mavjud emas. Ularning aksari salomatligi qoniqarli holga kelib, uylariga qaytmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma'lumot uchun, kecha, 21 sentyabr' kuni Chust tumanidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarining ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana haroratining ko`tarilishi, qusish, qorin og`rig`i alomatlari kuzatilgan. 71 nafar bolaning sog`lig`idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko`rilgan tezkor chora-tadbirlar tufayli bolalarning 9 nafari sog`lomlashtirilib, uyiga qaytarilgan.