Yangiyo`lda urush faxriysi byustiga noo`rin harakatlar qilgan o`quvchilarning ota-onalari jarimaga tortildi
Yangiyo`l tumanida 3 nafar 6-sinf o`quvchisi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasi»ga o`rnatilgan byustlardan biriga nisbatan noo`rin harakatlar qilib, so`kingan va holat videosini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Ularning ota-onalari jarimaga tortildi.
28 may kuni Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanida «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasi»ga o`rnatilgan byustlardan birini urib, noo`rin harakatlar qilgan 27-maktabning 3 nafar 6 sinf o`quvchisining ota-onalariga nisbatan jarima tayinlandi. Bu haqda viloyat IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, o`quvchilar keyinchalik ushbu holat videosini Instagram ijtimoiy tarmog`iga joylashtirgan. «Video internet foydalanuvchilari orasida ko`plab e'tiroz va muhokamalarga sabab bo`ldi», — deyiladi xabarda. Tuman IIB xodimlari tomonidan o`quvchilar, ularning ota-onasi, maktab va mahalla mas'ullari ishtirokida profilaktik suhbat o`tkazilgan va o`quvchilarga nafaqat Yangiyo`l tumani, balki viloyat faxri bo`lgan bunday shaxslar xotirasiga hurmatsizlik qilish ham noto`g`ri ekanligi tushuntirilgan.
Ushbu holatda shaxslar voyaga etmaganligi inobatga olinib, O`zbekiston MJtKning 47-moddasi 1-qismiga (Ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga etmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga etmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi) asosan, ularning ota-onalariga nisbatan ma'muriy chora ko`rildi.