x

Farzand – inson umrining gultoji. Shubhasiz, farzandning hayot deb atalmish katta yo`lga kirib kelishida ota-ona uning birinchi ustozi hisoblanadi. Murg`ak qalb egasining birinchi so`zni to`g`ri aytib, tili chiqqunicha, emaklashni boshlab toki yugurishni eplagunicha, biror sohaga qiziqib qolib, uning sir-asrorlarini egallay olgunicha bo`lgan davr mobaynida ota ham, ona ham birdek ma'sul hisoblanishadi. Lekin bugungi kunda ko`pchilik ota-onalarimiz farzand tarbiyalashda, uning maktabda, o`z sinfdoshlari orasida faollardan biri bo`lishiga yordam berishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Quyidagi 10 maslahat ana shunday ota-onalar uchun farzandlarining o`z tengqurlari va do`stlari orasida faol bo`lishiga yordam bersa ajab emas. 

1) Farzandingizning ustoz(lar)i bilan do`stona aloqa o`rnating. O`quv yili boshlanishi bilanoq, farzandingiz sevib o`qiydigan fanlar o`qituvchisi va sinf rahbari bilan uchrashib, ularga bolajoningiz tarbiyasi uchun befarq bo`lmagan ota-ona ekanligingizni bildirib qo`ying. Uning o`qish jarayonidagi kamchiliklari, qaysi fanlardan qiynalayotgani haqida albatta sizni ogohlantirib turishlarini iltimos qiling. Shuningdek, har chorakda o`tkaziladigan ota-onalar majlisini o`tkazib yubormang.

2) Farzandingizni maktabdagi faollik darajasini aniqlab oling. Agar farzandingizda o`qish, yozish kabi jarayonlardan passivlik holati kuzatilsa, uning sinf rahbari va boshqa fan o`qituvchilaridan qanday qilib yordam berish mumkinligini so`rang. Uyalmang. Har bir o`qituvchi past o`zlashtiruvchi o`quvchi bilan alohida ishlashga majbur ekanligi qonun hujjatlarida belgilab qo`yilgan.

3) Uy vazifalarini birgalikda tayyorlang. Farzandingizni televizor, radio, komp'yuter yoki telefon apparatidan xoli bo`lgan joyda dars tayyorlashga o`rgating. Mo`jazgina darsxona yaratib berishga harakat qiling. Uni birgalikda bezash bolaning o`sha xonada yanada ko`proq ishlashiga olib keladi. Uyga vazifani tayyorlash jarayonida o`sha vazifani o`zingizni xuddi birinchi marta ko`rib turgandek tuting.

4) Internet va komp'yuter bilan hamjihatlikda ishlang. Internet bugungi kun shaxsiyatning eng yaqin yordamchilaridan biriga aylangan. Farzandingizni biror yangi mavzuni o`rganishida va qabul qilishida foydasi tegadigan o`yinlar, dasturlar internet olamida istaganingizdan-da ko`p. Buning uchun esa rus tili yoki ingliz tilida to`g`ri so`rov berish kifoya. Mul'tfil'mlar ularning jon-u dili. Ta'limga yo`naltirilgan mul'tfil'mlarni esa internetdan xohlagancha topishingiz mumkin. Kerak bo`lsa, ularning aynan komp'yuter, planshet, mobil' telefonlardan mustaqil foydalanishiga qo`yib bering. Lekin, me'yorni saqlagan holda. Bola qancha texnika olamiga erta kirsa, aqliy qobiliyati shuncha tez rivojlanadi.

5) Bolangizda o`qishga bo`lgan qiziqishni uyg`oting. Farzandingizda o`qishga bo`lgan qiziqish uyg`otishning eng samarali usuli bu o`z kuchi bilan o`qib, yutuqlarga erishgan va erishib kelayotgan kimnidir namuna qilib ko`rsatishdir. Aytaylik, u amakisi yoki tog`asi, akasi ham bo`lishi mumkin. Bola ongida albatta uningday chiroyli kiyinib, mashinada yurish uchun albatta yaxshi o`qish kerak ekan degan tasavvur uyg`onadi. Lekin farzand uchun eng yaxshi namuna o`zingiz.

6) Farzandingizning kitob, gazeta yoki jurnallar mutolaasiga qiziqishini oshiring. Aytaylik, bayramlar yoki boshqa muhim kunlarda unga kitob sovg`a qilishni odat qiling. Qiziqishlaridan kelib chiqib sotib olib berilgan har qanday kitob muvaffaqqiyatingiz kalitidir. Agar qo`lingizdan kelsa, kitobni toki o`zi mustaqil o`qiy olgunicha o`qib berishga harakat qiling. Shaxsiy kutubxona uning ilk boyliklar to`plami bo`lishini tushuntiring.

7) Farzandingizning kimlar bilan do`st tutingani bilan qiziqing. Har qanday bola o`z xarakteriga mos do`st topishni harakatida bo`ladi. Aytaylik, o`g`lingiz biroz dangasaroq yoki o`yinqaroq. Ana shunday bolalardan ikkita bo`lsa tasavvur qilavering. Iloji boricha ko`proq farzandingizni zehni o`tkir bolalar safiga qo`shishga harakat qiling. Falonchi bilan do`stlashsang, undan ko`p narsa o`rganasan, o`qishlaring ham olg`a siljiydi qabilidagi gaplarni uning ongiga singdirib boring.

8) Har kuni farzandingiz maktabdan qaytgach, kun qanday o`tgani, nima dars bo`lgani, qanday mavzularni o`rgangani, nimadan ko`ngli to`lgani-yu, nimadan norozi bo`lgani haqida suhbatlashing. Suhbat jarayonida sodir bo`lgan yaxshi va yomon ishlarga o`z xulosangizni berishga erinmang. Ota-ona bilan qaysidir mavzuda bo`lib o`tadigan atigi besh daqiqalik suhbat bola ongida o`sha jarayonni yanada ko`proq mushohada qilinishiga olib keladi.

9) Shaxsiy kundalik tutishiga odatlantiring. Maktabning ilk kunidanoq farzandingizga ko`pvaraqli daftar sovg`a qiling. Dastlabki bir oyda uni yuritishga o`zingiz yordamlashing. Farzandingiz uning yordamida yaxshi kunni yomonidan, qayg`uli kunni xursandchilik bilan o`tgan kundan farqlashni o`rganadi. Bu usul bolada yozma nutqni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, unga hech kimga aytolmaydigan sirlarini mana shu kundaligiga bitishi mumkinligini, uni o`zi istagan joyda saqlashi mumkinligini ham tushuntiring.

10) Sovg`alar bilan taqdirlab turing. Yoshidan, fe'l-atvoridan qat'iy nazar inson doimo sovg`a olishni yoqtiradi. Bolajonlar uchun ham biror bir jarayon davomida erishgan yutug`iga nisbatan berilgan sovg`a ularning yanada ko`proq izlanishiga sabab bo`ladi. Masalan, hafta davomida nechta baho olishiga qarab yakshanba kuni hayvonot bog`i yoki tsirkka olib borishni va'da bering. Hayolingizga bu usul bolani faqatgina manfaat uchungina o`qishga o`rgatmaydimi degan o`y kelgandir-a?! Aslo unday emas. Bola o`z kuchi va bilimidan kelib chiqib mukofotni qo`lga kiritish uchun harakat qiladi, tirishadi. Demak, qaysidir ma'noda bu usul bolada qandaydir muvaffaqiyatga mustaqil erishish instinktini shakllantiradi.

 

 

To Top ↑
To Top ↑