Ma'lum bo`lishicha, 21 yoshli Jahongir Ulug`murodov 2022 yilda sinfdoshlari mavjud telegram guruhga YouTube'dagi diniy qo`shiq – nashida uchun havola yuborgan. Nashida Din ishlari bo`yicha qo`mitaning xulosasi bilan “aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan” deb topilgan. Ma'lumot uchun, YouTube – butun dunyoda va O`zbekistonda erkin foydalanish mumkin bo`lgan, ochiq platforma hisoblanadi.
Ayblanuvchi yaqinlarining ma'lum qilishicha, Jahongir Ulug`murodov grant asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-bosqichida o`qiydi hamda oilasining asosiy boquvchisi hisoblanadi.
Jahongirni 2023 yil boshida – Yangiyo`l tumanidagi o`z uyidan uchastka noziri olib ketgan. Shundan so`ng Jahongirning mobil qurilmasida 2022 yilda sinfdoshlarining Telegram guruhiga Youtube'dagi diniy qo`shiq – nashida uchun yuborgan havola topilgan. Ushbu nashida Din ishlari bo`yicha qo`mitaning ekspertiza xulosasiga ko`ra, “aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan hamda O`zbekistondatarqatish taqiqlanishi”, ko`rsatilgan.
Oliy sud matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 8 may kuni JIB Oqqo`rg`on tuman sudida sud'ya Sanjar Isaqulov raisligida bo`lib o`tgan sud jarayonida Jahongir Ulug`murodov JK 244-1-moddasi 3 qismi “g” bandida nazarda tutilgan harakat – “ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog`idan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish”da aybdor, deb topilgan. Ayblanuvchiga JK 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) qo`llanib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jahongirning yaqinlari sud hukmidan norozi ekanligini bildirib, apellyatsiya shikoyati berishlarini ma'lum qildi.
Avvalroq, telefonidan diniy nashida topilgan yana bir 21 yoshli yigit — Sardor Rahmonqulov ham 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar bergan edik. Keyinroq, apellyatsiya sudining ajrimiga muvofiq, Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hukmga o`zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilindi.