Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha ekspertlari Buyuk Britaniya hukumatini mamlakatdan boshpana so`rayotgan bolalarning xavfsizligini ta'minlash va qarovsiz bolalarga boshpana berishga chaqirdi.
Ekspertlar o`z bayonotida Buyuk Britaniyada qarovsiz bolalarning bedarak yoqolayotgani va ularning odam savdosi qurboniga aylanayotgan bo`lishi mumkinligi to`g`risidagi ma'lumotlardan xavotirda ekanliklarini ma'lum qilishgan.
Hujjat mualliflari Buyuk Britaniyada boshpana so`ragan hamrohsiz bolalarni mahalliy hokimiyat organlarining bevosita nazorati ostidagi boshpanalarga emas, balki mehmonxonalarga joylashtirilayotganidan xavotirda ekanini aytishgan.
"Boshpana izlayotgan qarovsiz bolalarni nazoratsiz mehmonxonalarga joylashtirish amaliyoti ularni xavfsizlik tizimidan tashqariga chiqarib qo`yadi, bu esa ularni kamsitishdir", — deyiladi bayonotda. Ekspertlarning fikricha, boshpana izlayotgan bolalarni himoya qilishdagi muvaffaqiyatsizliklar odam savdosi xavfini oshiradi.
Mutaxassislar Buyuk Britaniya hukumati bedarak yo`qolgan bolalarni izlash va hamrohliksiz boshpana izlovchilarni qabul qilish hamda himoya qilishni millati, migratsiya holati, irqi, etnik kelib chiqishi va jinsidan qat'iy nazar ularni kamsitmasdan, xalqaro inson huquqlari standartlariga muvofiqlashtirishi zarurligini ta'kidlagan.
“Buyuk Britaniya hukumati bolalar manfaatlarini kamsitmasdan ta'minlash bo`yicha xalqaro huquq doirasidagi asosiy majburiyatlarini bajarmayapti”, - deydi ekspertlar.
Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko`ra, 2021 yilning iyun' oyidan beri 4600 nafar hamrohsiz bola Buyuk Britaniyaning oltita mehmonxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 440 nafari bedarak yo`qolgan, 220 nafari 2023 yil 23 yanvar' holatiga ko`ra bedarak yo`qolgan. Yo`qolgan bolalarning aksariyati Albaniya fuqarolari bo`lgan.