Samarqand shahrida Jiguli haydovchisi bola o`g`risi ekanini aytib, voyaga etmagan egizak qizlarni qo`rqitdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu voqea joriy yilning 3 may kuni Samarqand shahri Marokand ko`chasida sodir bo`lgan.
Voqea kuzatuv kamerasiga tushib qolgan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib, ko`plab muhokamalarga sabab bo`lgan. Videoda ko`rish mumkinki, mashina kelib to`xtagan va haydovchi voyaga etmagan qizlarga gapirgan. Qizlar uni ko`rib qochib ketgan.
Ko`p o`tmay huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan haydovchi qo`lga olingan va u sudga keltirilgan. Biroq sudda aybdor voqea butunlay boshqacha bo`lganini bildirgan.
“Biz bilan ishlagan ayolni kelayotganini ko`rib to`xtadim. Qarasam besh-o`n metr uzoqroqdan ikkita bolacha bor edi. Tushib qaytib keldim, eshikni ochsam ular menga qarab o`tiribdi. Baland ovozda siz Fotima Zuhramisiz, deb so`radim. Birdan ikkovi shokka tushdi. Ikkovi ham qiy-chuv etib qochdi. Men ularning ortidan quvganim ham yo`q. To`xta jiyanim, qo`rqma deyapman ikkovi ham qochib ketaverdi”, deydi haydovchi.
Garchi ayblanuvchi o`z aybini tan olmasada, tergovga qadar tekshiruv olib borilganda ushbu shaxs voyaga etmagan qizlarning yo`lini to`sib, qo`rqitgani aniqlangan.
“To`plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Samarqand sudiga yuborildi. Sudda aybdor Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasida ko`rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topildi va 10 sutkaga qamaldi”, deyiladi vazirlik xabarida.