Serbiyadagi maktablardan birida 13 yoshli bola sakkiz nafar o`quvchi va qo`riqchini otib o`ldirdi, politsiyachilar buni rejalashtirilgan hujum ekanini aytmoqda.
Politsiyaning aytishicha, u Belgrad markazidagi Vladislav Ribnikar maktabidagi qirg`inda otasiga tegishli ikkita litsenziyalangan to`pponcha va ikkita benzinli bombadan foydalangan.
Halok bo`lganlar orasida 7 nafar qiz va 1 nafar o`g`il bola bo`lgan, shuningdek, 4 nafar o`g`il, 2 nafar qiz hamda bir o`qituvchi og`ir yaralangan.
Politsiya boshlig`i Veselin Milichning so`zlariga ko`ra, gumonlanuvchi o`zini "KK" sifatida tanishtirgan va unda o`ldirilgan bolalarning ismlari, hatto ularning qaysi sinflarda o`qishlari to`g`risida ma'lumotlar bo`lgan. Bolakay voqeani biror jangovar video o`yin yoki qo`rqinchli janrdagi fil'mdagi singari sodir etgan. Milichning qo`shimcha qilishicha, halok bo`lgan bolalar 2009-2011 yillarda tug`ilgani aniqlangan.
Serbiya ichki ishlar vaziri Bratislav Gashich qurollar seyfda saqlanganligini, ammo gumonlanuvchi kodni bilishini aytdi. Janob Gashichning aytishicha, bolaning otasi ham hibsga olingan.
Mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchich kechki nutqida qurolga egalik qilish bo`yicha qat'iy cheklovlarni e'lon qildi, jumladan, ov qilishdan tashqari yangi qurol litsenziyalariga moratoriy, mavjud ruxsatnomalarni qayta ko`rib chiqish va o`q otish poligonlarini nazorat qilish hamda qurollarni saqlash tartibini kuchaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Prezidentning qo`shimcha qilishicha, gumonlanuvchi hali jinoiy javobgarlikka tortish uchun etarli yoshda bo`lmagani sababli u psixatriya muassasasiga joylashtiriladi, bundan tashqari, uning ota-onasiga ham tegishli tartibda chora ko`riladi.