x

Joriy yilning 15 aprel' kuni boshlangan Sudandagi armiya va Tezkor qo`llab-quvvatlash kuchlari o`rtasidagi to`qnashuvlarda 190 nafar bola halok bo`ldi, 1700 nafari esa yaralandi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi (UNICEF) ma'lum qilgan.

Bayonotda har bir to`qnashuvda bo`lgani kabi, Sudanda ham bolalar eng ko`p zarar ko`rganlar orasida ekani va ularni himoya qilish uchun har tomonlama harakat qilish kerakligi ta'kidlangan.

“Sudandagi vaziyat og`ir va bolalar buning badalini o`z jonlari bilan to`lamoqda. Bolalar uchun mojaro to`xtashi kerak”, deydi jamg`arma ijrochi direktori Ketrin Russel.

Russelning ta'kidlashicha, tomonlar tibbiyot muassasalari, maktablar, suv va kanalizatsiya inshootlari va boshqa infratuzilmalarga hujumlarni to`xtatishi kerak.

“UNICEF Sudandagi bolalar tinch-totuvlikda o`sishi va kelajakka umid bilan qarashi uchun inqirozga uzoq muddatli siyosiy echim topishga chaqiradi”, deydi Russel.

Sudan poytaxti Hartumdagi ko`plab yo`llar va ko`priklar to`sib qo`yilgan, aeroport ham urush hududiga aylangan, u erga parvozlar to`xtatilgan. Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy harakatlar oqibatida Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti aeroportda yonib ketgan.

Birlashgan Arab Amirliklarining Hartumdagi elchixonasi mojaro qanday kechayotganini katta tashvish bilan kuzatayotganini qayd etib, muammoni tinch yo`l bilan hal qilish va yangi hukumatni shakllantirishda milliy konsensus (kelishuv)ga erishish zarurligini yana bir bor eslatib o`tgan.

Shuningdek, AQShning Hartumdagi elchisi Jon Godfri o`q ovozlaridan uyg`onganini hamda hozirda xuddi Hartumdagi va boshqa joylardagi sudanliklar kabi elchixonada boshqa diplomatlar bilan yashirinib yurganini aytgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko`ra, Sudandagi to`qnashuvlar oqibatida 420 kishi halok bo`ldi, ulardan 264 nafari tinch aholi, 3,7 ming kishi jarohatlangan.

 

 

To Top ↑
To Top ↑