Mahalliy yangiliklar
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida joylashgan “Beeline” aloqa kompaniyasining dilerlik shoxobchasida bosqinchilik bilan bog‘liq holat aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining axborotiga ko‘ra, 2022 yil 19 fevral kuni soat taxminan 00:17 chamasi pichoq bilan qurollangan noma’lum shaxslar yuziga niqob taqib, shoxobchaga g‘ayriqonuniy tarzda kirgan. So‘ngra, shu vaqtda ichkarida bo‘lgan 21 yoshli T.Z.ga hujum qilib, unga pichoq tiragan va qo‘llari bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Huquqbuzarlikni sodir etganlar shoxobchada bo‘lgan 5.000.000 so‘m pullarni talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Oltiariq tuman tez tibbiy yordam markazidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra 21 yoshli o‘smir T.Z.ning burun suyagini yopiq sinishi, burun sohasida shilingan jarohat aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oltiariq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Oltiariq tumanida yashovchi 31 yoshli A.X., 30 yoshli E.O. va M.A.lar tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ulardan mazkur jinoyatni sodir etishda foydalangan narsa va buyumlar hamda jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan pullar evaziga sotib olingan buyumlar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda yuqoridagi shaxslar jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlab turilibdi.