Mahalliy yangiliklar
2023 yil boshidan beri O`zbekistonda 37 nafar bemorda qizamiq kasalligi aniqlangan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi qizamiqqa qarshi zarur profilaktik choralar ko`rilayotgani, epidemik vaziyat barqaror va to`liq nazoratga olinganini ma'lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistonda qizamiq bilan kasallanganlar soni ortayotganligi to`g`risidagi xabar tarqalgach, holat bo`yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qo`mitaga ko`ra, 2023 yilning o`tgan davri mobaynida olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar natijasida O`zbekistonda 37 nafar bemorda qizamiq kasalligi tasdiqlangan.
Ta'kidlanishicha, qizamiq kasalligi bo`yicha murakkab epidemik vaziyatning oldini olish maqsadida, respublikada 2022 yilning 16 noyabr – 30 dekabr kunlari 6 oylikdan – 5 yoshgacha bo`lgan bolalarni qizamiq-qizilchaga qarshi ommaviy emlashlar o`tkazilgan. Rejadagi 3 355 900 nafar bolalarning 3 303 582 nafari yoki 98,4 foizi emlash bilan qamrab olingan va hozirda ham emlash ishlari davom ettirilmoqda.
“Hozirda respublikamizda kasallikka qarshi barcha zarur profilaktik choralar ko`rilmoqda, epidemik vaziyat barqaror va to`liq nazoratga olingan”, – deyiladi qo`mita xabarida.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti kizamiq va qizilcha kasalligi bo`yicha dunyoning 150dan ortiq mamlakatida murakkab epidemiologik vaziyat saqlanayotganini qayd etgan. Ma'lumot uchun, 2022 yilda dunyo bo`yicha 155 ming holatda qizamiq kasalligi ro`yxatga olingan.