Turkiyaga parvoz qilgan 27 yoshli ayolning samolyotda ko`zi yoridi. Ona va bolaning ahvoli barqaror ekani aytildi.
26 aprel' kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent-Istanbul yo`nalishi bo`yicha parvoz qilgan HY-273 reysi samolyoti bortida chaqaloq dunyoga keldi.
Qayd qilinishicha, samolyot Istanbulga yaqinlashganda ayolni to`lg`oq tutgan. 1996 yilda tug`ilgan Sitora A. bu haqda styuardessalarga murojaat qilgan. Shundan so`ng ular yo`lovchilardan shifokor bor yoki yo`qligini so`rashgan.
Biroz vaqt o`tgach, homiladorlikning 28-haftasida bo`lgan ayol o`g`il farzandni dunyoga keltirgan. Samolyot Istanbul xalqaro aeroportiga qo`ngach, tibbiyot xodimlari ona va chaqaloqni poliklinikaga etkazgan. Ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bola tug`ilishida yordam ko`rsatgan yo`lovchilarga minnatdorlik bildirib, ularga esdalik sovg`alari taqdim etilishini ma'lum qildi. Shuningdek, «Butunjahon uchuvchilar kuni»da tug`ilgan chaqaloq kelajakda hayotini osmon va aviatsiya bilan bog`lashiga umid bildirdi.