x

Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabarlariga ko`ra, vazirlik tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor “Bolaning sog`lom ovqatlanish haftaligi” boshlandi.

 

Shu yil 19-29-aprel' kunlari bo`lib o`tadigan mazkur haftalik doirasida yurtimizdagi 208 ta ko`p tarmoqli markaziy poliklinika, 1049 ta oilaviy poliklinika, 1080 ta oilaviy shifokor punktining 17,3 mingta tibbiy brigadalari va 34,6 ming nafar patronaj hamshiralari tomonidan 1 million 878 ming nafardan ziyod 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlanadigan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukunlari topshiriladi.

 

Unga ko`ra, har bir tibbiy brigada tomonidan 6-23 oylik bolalar ro`yxatlari asosida mikronutreint kukunlarini onalarga etkazish va uni uy sharoitida tayyorlash bo`yicha individual mashg`ulotlar o`tkaziladi.

 

— 6 oydan 23 oygacha bo`lgan davrda bolaning sog`lom va aqliy rivojlanishi uchun temir, A, S, V6 vitamini, yod, tsink, folat kabi mikroelementlar juda muhim, — deydi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova. — Shu sababli vazirlik tomonidan yurtimiz bo`ylab “Bolaning sog`lom ovqatlanish haftaligi” tashkil etildi. 

 

Mazkur o`n kunlik davomida davlatimiz tomonidan ajratilgan 50 mlrd. so`m mablag` evaziga xarid qilingan va bolalarning oziqlanishida etishmaydigan faol biologik qo`shimchalardan iborat 2 million qutiga yaqin dori-darmonlar har bir hududga belgilangan talabnoma asosida etkazib beriladi.

 

Shuningdek, haftalik davomida yosh onalar va bolaning oila a'zolari bilan 6 oylikkacha go`daklarni mutlaq ona suti bilan boqishning ahamiyati hamda 6 oylikdan boshlab chaqaloqlarni qo`shimcha ovqatlar bilan to`g`ri ovqatlantirish va ularni parvarishlash bo`yicha suhbatlar o`tkazish rejalashtirilgan.

 

Targ`ibot ishlari Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tayyorlangan “Bir yoshgacha bolalar ovqatlanishi” va “Bolani parvarishlash va rivojlanishi uchun uslubiy qo`llanmalar" asosida tashkil etiladi.

 

Bundan tashqari, tibbiyot brigadalari uchun Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining “Go`dak hayotining dastlabki 1000 kunligi” mavzusida bolani to`g`ri ovqatlantirish va ko`krak suti bilan boqishning ahamiyatiga bag`ishlangan seminarlar o`tkazish ham ko`zda tutilgan.

 

 

To Top ↑
To Top ↑