Toshkent viloyatida 13 yoshli qiz Milliy gvardiya xodimi tomonidan bir necha yil avval zo`rlangani aytilmoqda. Bu haqda “Sukut saqlama” (Nemolchi.uz) loyihasi xabar berdi.
Bildirilishicha, qizni zo`rlagan vaqtda erkak Milliy gvardiya xodimi bo`lmagan. Jabrlangan qiz ota-onasi bilan Amerika Qo`shma Shtatlarida istiqomat qilgan. 2019 yilning yozida esa buvisining uyiga, Toshkent viloyati Qibray tumaniga kelgan. Qizning aytishicha, voqea sodir bo`lgan kuni dugonasi bilan birga bo`lgan. Uyiga qaytayotganida uni buvisining qo`shnisi Sh.Sh. kuch ishlatib, bir binoga olib kirgan va o`sha erda qizni zo`rlagan.
“Men yordam chaqirish uchun baqirdim, lekin ko`chada hech kim yo`q edi. U meni kuch bilan sudrab qo`shimcha imoratga olib kirdi va so`riga tashladi. Shundan so`ng u bir qo`li bilan ikki qo`limdan ushlab, ikkinchi qo`li bilan kiyimimni echdi... So`ng, menga kiyinishimni buyurdi va hech kimga aytmasligimni tayinladi, aks holda meni o`ldirish bilan qo`rqitdi”, deya qizning gaplarini keltiradi Nemolchi.uz.
Bu voqea sodir bo`lgan vaqtda qiz 13, erkak esa 27 yoshda bo`lgani aytilgan.
Qiz uzoq vaqtga qadar tahdidlardan qo`rqib bo`lgan voqeani hech kimga aytmagan. Bu haqda faqat dugonasiga so`zlab bergan. Ota-onasi bilan AQShga ko`chib ketgach, kuchli stressni boshdan kechirgan va hatto o`zini o`ldirish haqida ham o`ylagan. Shundan so`ng psixolog qabuliga qatnagan, seanslardan birida unga Qibrayda sodir bo`lgan voqeani so`zlab bergan. Ota-onasi ham bundan xabar topib, Sharipovni javobgarlikka tortish uchun 2022 yilning fevral' oyida Toshkent shahriga etib kelgan. Bu vaqtga kelib Sharipov 2020 yilning fevral' oyidan buyon Milliy gvardiyada xizmat qilayotgan edi.
Jabrlanuvchining otasi uning uyiga borib, qilgan ishidan xabari borligini aytganda Sharipov, avvaliga, undan yig`lab kechirim so`raydi va hech kimga aytmasliklarini iltimos qiladi. Biroq ertasi kuni ular hech narsani isbotlay olmasliklarini aytib, janjal ko`taradi. Sharipov uch yil o`tgani va qizning oilasi mazkur voqeani moddiy manfaat uchun o`ylab topganini aytadi.
Keyinchalik Sharipov jabrlanuvchini mutlaqo tanimasligini da'vo qiladi. Jabrlanuvchining oilasi 2022 yilning 2 mart kuni Qibray tumani prokurori nomiga ariza yozgan. Ariza tuman IIBga yuboriladi, biroq Sharipov Milliy gvardiya xodimi bo`lgani sababli tergovchi Raimqulov B.N. uni prokuraturaga qaytarib yuboradi. 2022 yilning may oyida advokatning murojaatidan so`ng materiallar tergovosti tartibiga ko`ra Chirchiq harbiy prokuraturasiga yuborilgani aniqlanadi. 2022 yilning iyul' oyida jabrlanuvchining qarindoshlariga materiallar prokuraturaga qaytarilgani, prokuratura ularni ichki ishlar bo`limiga yuborgani, tergovchi Raimqulov esa jinoyat tarkibi yo`qligi sababli ish qo`zg`atishdan bosh tortgani bildiriladi. Qizning ota-onasi yana prokurorga murojaat qiladi, tergovchining qarori bekor qilinadi.
Jabrlanuvchining so`zlariga ko`ra, voqea joyida o`tkazilgan tergov eksperimenti davomida bino rahbariyati bu haqda ogohlantirilmagan. Bino qorovuli, gumonlanuvchining onasi Sh.Sh. barcha ishtirokchilarni chiqarib yuborishga uringan, tergovchiga bayonnomani to`ldirishga to`sqinlik qilgan. Tergovchi xolislarni olib kelgan, lekin ularga gap nima haqida ketayotgani aytilmagan. Holislardan biri bo`lgan erkak uni bu ishga aralashtirmaslikni va protokoldan chiqarib tashlashni talab qiladi. Natijada tergovchi yana ish qo`zg`atishdan bosh tortgan va jabrlanuvchining ota-onasiga “prokuror o`rinbosari A.N. jinoyat ishini tugatish to`g`risida buyruq berdi”, deb javob qaytargan.
2022 yilning 17 avgust kuni IIV Tergov boshqarmasi boshlig`i, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo`yicha vakili (Bolalar Ombudsmani) nomiga arizalar yoziladi.
2023 yilning 9 yanvar' kuni jabrlanuvchi oilasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati nomiga ariza yozadi.
2023 yilning 7 fevral' kuni ariza Bosh prokuror hamda Bosh prokuraturaning voyaga etmaganlar bo`yicha Boshqarmasiga yuboriladi.
“Afsuski, bironta murojaat natija bermadi. Horazmdagi oilaviy mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan zo`ravonlik holatlari e'lon qilingach, Nemolchi.uz loyihasi “Qibray ishi” tafsilotlari bilan Milliy gvardiyaga murojaat qildi. Milliy gvardiya Matbuot xizmati jabrlanuvchining arizasi ko`rib chiqish uchun belgilangan tartibda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etilgani va 2023 yil 4 aprel' kuni Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi – “nomusga tegish” (aybdorga 14 yoshga to`lmaganligi ma'lum bo`lgan shaxs 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilganini ma'lum qildi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, oddiy askar Sh.Sh. 2020 yil fevral' oyidan boshlab Toshkent viloyati IIB Qo`riqlash boshqarmasida xizmat qilmoqda (jabrlanuvchi nomusga tegish haqida ariza bilan 2022 yilda murojaat qilgan).
“Uning keyinchalik Qo`riqlash boshqarmasida xizmat qilishi to`g`risidagi qaror tergov natijalariga ko`ra hal qilinadi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Nemolchi.uz loyihasining mazkur holat bo`yicha so`roviga javob bermadi”, deb yozadi loyiha muallifi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Horazmda Adliya va FVB rahbarlari mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqada bo`lib kelgani oshkor bo`lgandi. Shuningdek, yana bir holatda Horazmda 11 kishi 2006 yilda tug`ilgan, voyaga etmagan qizni zo`rlagani va ulardan 3 nafari hibsga olingani ma'lum bo`lgandi.