Mahalliy yangiliklar
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda globallashuv sharoitida yoshlar tarbiyasi va ongiga tahdidlar tobora kuchayib borayotgani qayd etildi.
Misol uchun, o`tgan yili huquq-tartibot idoralari tomonidan 86 ta noqonuniy “virtual hujralar” aniqlangan. Bular faqat mamlakatimiz hududida tashkil etilganlari.
Oliygohlar rektorlari talabalari darsdan keyin nima bilan shug`ullanishi bilan qiziqmayotgani, ijodiy kechalar, sport o`yinlari, madaniy tadbirlar bilan talabalarning bo`sh vaqtini boyitmayotgani ko`rsatib o`tildi.
Ma'naviyat va ma'rifat markazi faoliyati ham tubdan o`zgarishi shartligi ta'kidlandi. Markazning birorta internet platformasi yoki ijtimoiy tarmoqlarda loyihasi yo`qligi, yoshlar qiziqishlarini inobatga olmay, qamrovi va ta'sirchanligi past bo`lgan turli-tuman anjuman va davra suhbatlari o`tkazish bilan ovora bo`lib qolgani tanqid qilindi.
Shu bilan birga, byudjet hisobidan yaratiladigan badiiy asarlar, mul'tfil'm, serial va kinolar, sahna asarlari xususiy sektor va xorijiy kontentlar bilan raqobat qila olishi zarur.
Mutasaddilarga yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, ularga sog`lom fikr va motivatsiya berishga qaratilgan kontentlarni ko`paytirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ixtisoslashgan alohida teleko`rsatuvlar tashkil qilish, xorijdagi yoshlarimizga ko`mak berish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.