x

Mahalliy yangiliklar

O`zbekistonda bolalar hayoti, sog`lig`i va axloqi uchun xavfli jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reestri tuziladi. 

“Hotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunga ko`ra, yuqoridagi kabi tasniflanuvchi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reestri tuzilib, ushbu reestrga kirgan shaxslarning ta'lim, tarbiya, bolalar sog`lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug`ullanishi taqiqlanmoqda. 

Shuningdek, qonunga ko`ra, endilikda 14, 16 yoki 18 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo`ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo`lgan bo`lmaganidan qat'iy nazar jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og`ir jazo, ya'ni 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Vaholanki, oldingi qonunga ko`ra, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganini bahona qilib, engilroq modda bilan javobgarlikka tortilish imkoniyatiga ega bo`lgan.

O`z yaqinlari, yoshi kichik yoki nogironlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarning sodir etilishi, ularning tajovuzkordan himoyalanish imkoniyati cheklanganligi sababli alohida xavflilik darajasiga ega.
Ammo, qonunchilik bunday qilmishlarini alohida og`irroq jazoni nazarda tutuvchi modda bilan malakalash uchun etarli imkoniyatlarga ega emas edi.

Yangi qonun bilan shaxs nafaqat amaldagi turmush o`rtog`i yoki yaqin qarindoshiga, balki sobiq turmush o`rtog`iga, bir ro`zg`or asosida birga yashayotgan yoki umumiy farzandga ega bo`lgan shaxsga, nogironga yoxud o`ziga o`qitish yoki tarbiyalash uchun topshirilgan shaxsga nisbatan jinsiy zo`ravonlik qiladigan bo`lsa unga og`irroq jazo, ya'ni ilgarigiday 3 yildan 7 yilgacha emas, balki 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilandi.

Oila va xotin-qizlar qo`mitasi hamda uning hududiy bo`linmalari tomonidan sudlarga kiritiladigan da'volar bo`yicha davlat bojini  to`lash majburiyatining mavjudligi xotin-qizlarning huquqlari  va qonuniy manfaatlarini ta'minlash faoliyatiga to`sqinlik qilmoqda.

Shu sababli, Oila va xotin-qizlar qo`mitasi hamda uning hududiy bo`linmalariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo`yicha hamda ma'muriy sudlarga bergan da'volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinmoqda.

To Top ↑
To Top ↑