x

Mahalliy yangiliklar

O`zbekistonda oiladagi zo`ravonlik rasman jinoyat deb e'lon qilindi. Hotin-qizlarni ta'qib qilish va ularga shilqimlik qilish uchun javobgarlik belgilandi. Jinsiy zo`ravonlik qilgan shaxslar muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilinmaydigan bo`ldi. Shuningdek, pedofillar reestri ham yuritiladi. Ayolni abort qilishga majburlaganlik uchun jazo og`irlashtirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ayollar va bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi shu'ba mudiri Saida Mirziyoeva ma'lum qildi.

Mirziyoeva bu muhim qonunning qabul qilingani bilan faollarni tabriklagan.

“Men ushbu g`alaba bilan faxrlanaman va unda ishtirok etgan barchadan minnatdorman! Oldinda ushbu moddalar ishlashi va jamiyat o`zgarishi uchun qiyin va uzoq yo`l turibdi.

Men barcha davlat organlari, fuqarolik jamiyatlari, faollar va media – barcha-barchani bu jarayonga qo`shilib, zo`ravonlikka qarshi kurashning yagona mexanizmiga aylanishga chaqiraman. Zo`ravonlik – jinoyat. Zo`ravonlik – bizning madaniyatimiz emas!” – deya yozdi u Telegram-kanalida.

Eslatib o`tamiz, bu qonun ustida bir guruh rasmiylar va jamoatchilik faollari ish olib bordi.

Hujjatdagi asosiy yangiliklardan biri – jinsiy zo`ravonlik sodir etgan shaxslar muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilinmaydi, ularning jazosi engilrog`i bilan almashtirilmaydi. Bunday jinoyatlar uchun jazo ham og`irlashtirilyapti.

Bundan tashqari, nihoyat O`zbekistonda ham pedofillarning reestri yuritiladigan bo`ldi. Bu reestrga bolalarni zo`rlagan shaxslar kiritiladi va ularga ta'lim sohasida ishlash taqiqlanadi. Ular nafaqat ta'limda ishlay olmaydi, umuman bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi har qanday faoliyat turi bilan shug`ullanishi man etiladi.

Yana bir muhim yangilik: jinsiy jinoyatlarga huquqiy baho berishda, zo`rlangan shaxs necha yoshda ekanini zo`ravon bilganmi yoki yo`q degan lazeykali qoida chiqarib tashlanyapti. Ya'ni aybdor jabrlanuvchi necha yoshda ekanini bilmagan bo`lsa ham, bu unga engil jazo berish uchun sabab bo`la olmaydi.

Shuningdek, bu qonun bilan oiladagi zo`ravonlik jinoyat deb e'lon qilinyapti. Qolaversa, xotin-qizlarni ta'qib qilish va ularga nisbatan shahvoniy harakatlar qilganlik uchun birinchi marta javobgarlik belgilanyapti.

Yangi qonunda ayolni abort qilishga majburlash, nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish, jinsiy aloqaga majburlash, 16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, 16 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, pornografiya tayyorlash va tarqatish kabi jinoyatlar uchun jazolarni og`irlashtirish ham ko`zda tutilgan.

To Top ↑
To Top ↑