Jahon yangiliklari
"Reuters" xabarlariga ko`ra, Italiyada 2022 yilda tug`ilish ko`rsatkichi mamlakat birlashtirilgan 1861 yildan beri eng past ko`rsatkichga tushdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda Italiyada aholi sonining qisqarishi davom etib, tug`ilishlar miqdori 400 mingdan kamaygan holda tarixiy minimumga tushib qolgan.
Tahlilchilarning fikriga ko`ra, mamlakatda tug`ilish darajasining pastligi milliy favqulodda holat hisoblanadi. Bosh vazir Jorja Meloni o`tgan yilgi saylov kampaniyasida aynan shu muammoni hal qilishga va'da bergan edi.
Statistikaga ko`ra, 2022 yil Italiyada har 7 ta tug`ilgan 12 ta o`lim holati to`g`ri kelgan va doimiy aholi soni 179 mingga kamayib, 58,85 millionga etgan. Aholi kamayishi COVID-19 pandemiyasi sabab 2020 va 2021 yilarga nisbatan sekinlashgan.
Mamlakatda o`tgan yili 392 600 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu Italiya birlashtirilgan 1861 yildan beri eng past ko`rsatkich ekani aytilmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida 15-49 yosh guruhidagi ayollar sonining qisqarishi va qarishi ko`rsatilmoqda. Agar Italiyada 2021 yilda har bir ayolga 1,25 tadan farzand to`g`ri kelgan bo`lsa, o`tgan yili bu ko`rsatkich 1,24 taga tushib qolgan.
Bu tendentsiya qisman immigrantlar hisobiga qoplangan. 2022 yilda mamlakatga 229 ming kishi ko`chib kelgan. Bunday toifadagilar umumiy aholining 8,6 foizi yoki 5,05 millionni tashkil etmoqda.
Ma'lumot uchun, Italiya aholisi 2014 yildan buyon muntazam ravishda pasayib kelmoqda. O`sha vaqtdan beri jami yo`qotish 1,36 milliondan ortiq kishini tashkil etdi. Bu Italiyaning ikkinchi eng yirik shahri Milan aholisi soni bilan teng demakdir.