O`zA bergan ma'lumotlarga ko`ra, Buxoro viloyati Jondor tumanida kasb-hunar maktabi o`quvchisi mahalladoshining xonadonidan 27,6 million so`m miqdordagi pullarni o`g`irlab ketgan.
Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 11 mart kuni Jondor tumani Qozoqon mahallasida yashovchi fuqaroning uyida sodir bo`lgan. Noma'lum shaxs o`sha kuni soat 19:00 dan 23:00 ga qadar bo`lgan vaqt mobaynida fuqaroning uyiga g`ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidagi temir seyfni kalit tanlash yo`li bilan ochgan. Natijada u seyf ichida bo`lgan 27 million 600 ming so`m pullarni o`g`irlab, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni shu mahallada yashovchi, 2006 yilda tug`ilgan, tumandagi kasb-hunar maktabi 2-bosqich o`quvchisi sodir etganligi aniqlangan.
“Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyat hududlarida sodir etilgan boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.