O`zbekistonda 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo`ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo`lib, ularning 61 mingdan ko`pi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir etilgan. Bu haqda bugun, 6 aprel' kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`ttiz to`qqizinchi yalpi majlisida aytib o`tildi.
Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva O`zbekistonda bolalar va ayollarga nisbatan zo`ravonlik masalasining bugun qanchalik dolzarb ekanligiga to`xtalib o`tdi. Shu kungacha O`zbekistonda oiladagi zo`ravonlik bo`yicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma yo`qligi urg`ulandi.
Shuningdek, 2020 yilda 156 ta, 2021 yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingan. Hususan:
- Toshkent shahri Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning zo`rlanishi va o`ldirilishi;
- Horazmdagi bolalar uyi bilan bog`liq holat;
- poytaxtning Sergeli tumanida ona 3 nafar farzandi bilan birga yuqori qavatdan sakragani kabi hodisalarga alohida to`xtaldi.
“Hulosa shuki, jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qodir bo`lgan hamda voyaga etmagan farzandlarimizga nisbatan zo`ravonlik holatlariga qarshi turadigan yanada mustahkam va qat'iy qonunlarga ehtiyoj bor”, degan Senat raisi.