Mahalliy yangiliklar
Qashqadaryo viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi rejali xirurgiya bo`limida ilk marta 13 kunlik chaqaloqda murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Mazkur amaliyot viloyat bolalar bosh jarrohi Bahrom Shukurov hamda uning shogirdlari Abdurahmon Botirov va Nilufar Bahorova tomonidan bajarildi.
— Bemor qizaloq qusish, ovqat hazm qilish tizimining ishlamasligi shikoyati bilan keltirilgan edi, — deydi jarroh Bahrom Shukurov.
— Tekshiruvda oshqozon osti bezi o`ralib, halqalangani sababli ingichka ichak qisilib, sut oshqozondan ingichka ichakka o`tmay qolgani aniqlandi. Hullas, zudlik bilan bemorda jarrohlik amaliyoti o`tkazish zarur edi. Ammo qalamdan ham ingichka bo`lgan ichakni ulash juda murakkab jarayon. Shunga qaramay, shogirdlarim bilan birgalikda bu ishni uddaladik. Ayni vaqtda qizaloqning ahvoli qoniqarli.