Mahalliy yangiliklar
Tarixiy qadriyatlarimizga singib ketgan Navro`z bayramini nishonlash jarayonidagi taassurotlarini ko`z oldingizda gavdalantirib ko`rganmisiz? Momolarimiz, onaxonlarimiz va opa-singillarimizning tuni bilan qozon bo`yida lapar, ezgu tilaklar aytib, sumalak qaynatishi, bolajonlarning esa varrak uchirish, lanka, chillak kabi o`ndan ortiq o`yinlari, polvonlarning kurash, uloq-ko`pkari musobaqalari yodingizga tushdimi?
Mamlakatimizning har bir go`shasida ko`tarinki kayfiyatda tashkillashtirilayotgan Navro`z tantanalari yuqorida nomlari sanab o`tilgan an'analarga hamohang tarzda davom etib kelyapti. Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida bo`lib o`tgan bayram shodiyonalari kelajagimiz bo`lmish bolajonlar uchun ataldi desak xato qilmaymiz.
Navro`z tantanasi doshqozonda tayyorlangan sumalakni ochish marosimi bilan boshlandi. Qozon boshida onaxonlar bir guruh jajji o`g`il-qizlar uchun sumalak tayyorlash an'analari hikoya qilib berishdi. Shundan so`ng bolajonlar varrak uchirish, velopoyga, shaxmat, shashka, “Oq terakmi? Ko`k terak?” musobaqalariga taklif etildi. Musobaqalar davomida institut saf maydoni jajji o`g`il-qizlarning sho`x-shodon qiyqiriqlariga to`ldi.
Tadbir davomida bolajonlar uchun ta'lim dargohi o`quv sinflari, kutubxona, muzey va sport maydonlari bo`ylab ekskursiya tashkillashtirildi. Bayramona bezatilgan askar oshxonasida bolajonlar tushlik dasturxonida osh, sumalak va boshqa bahoriy taomlar bilan mehmon qilindi.
Bayram tantanasi yakunida institut boshlig`ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari podpolkovnik podpolkovnik Fayzullo Shermatov hamda bir guruh ofitser, kursantlar O`zbeksiton Respublikasi maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga qarashli Antonina Hlebushkina nomidagi 22-mehribonlik uyiga bayram sovg`alari bilan tashrif buyurdilar. Tashrif davomida 22-mehribonlik uyi yuqori sinf o`quvchilariga Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda boshqa harbiy ta'lim muassasalarida o`qish imkoniyatlari haqida so`zlab berishdi.
Asror Ro`ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti