x

Xalqaro jinoyat sudi Rossiya bolalar ombudsmanini hibsga olishga order berdi

Gaagadagi Halqaro jinoyat sudi (HJS)ning sudoldi palatasi Ukrainadagi vaziyat nuqtai nazaridan ikki shaxs — Vladimir Putin va Mariya L'vova-Belovani hibsga olishga order berdi, deb xabar bermoqda BMT axborot xizmati.

«Janob Vladimir Vladimirovich Putin, 1952 yil 7 oktyabrda tug`ilgan, Rossiya Federatsiyasi prezidenti, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan aholini (bolalar) noqonuniy deportatsiya qilish va aholini (bolalar) Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy olib o`tish kabi harbiy jinoyatlar uchun javobgardir, — deyiladi sud bayonotida. — Janob Putin yuqorida qayd etilgan jinoyatlar […] hamda ushbu harakatlarni sodir etgan yoki sodir etilishiga yo`l qo`ygan fuqarolik va harbiy bo`ysunuvchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun shaxsiy jinoiy javobgarlikka tortilishiga ishonish uchun etarli asoslar mavjud».

HJS RF prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo`yicha vakil Mariya L'vova-Belova ham Ukrainaning bosib olingan viloyatlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilish ko`rinishidagi harbiy jinoyatni sodir etganlik uchun javobgar bo`lishi mumkin, deb hisoblaydi.

Halqaro jinoiy sud mustaqil, doimiy sud organi bo`lib, 1998 yil 17 iyulda Italiya poytaxtida bo`lib o`tgan konferentsiyada imzolangan Rim statutiga muvofiq tashkil etilgan. Uning vakolati Rim statuti kuchga kirgan 2002 yil 1 iyuldan keyin sodir etilgan barcha eng og`ir xalqaro jinoyatlarga taalluqlidir. Sudning yurisdiktsiyasi genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari bilan cheklangan.

Ukraina hisob-kitoblariga ko`ra, Rossiya 16 mingdan ortiq bolani mamlakatdan olib chiqib ketgan.

Yaqinda BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tashkil etilgan Ukrainadagi huquqbuzarliklarni tekshirish bo`yicha mustaqil xalqaro komissiya Jenevada o`zining birinchi hisobotini taqdim etdi. Unda aytilishicha, Rossiya Ukrainada urush jinoyati sifatida baholanishi mumkin bo`lgan qonunbuzarliklarni sodir etmoqda. Harbiy jinoyatlarning davom etishi, infratuzilmaga ixtiyorsiz hujumlar, muntazam va keng ko`lamli qiynoqlar xalqaro huquq normalarini mensimaslikdan dalolat beradi, deyiladi hisobotda.

To Top ↑
To Top ↑