Kanadadagi “Gluxkind” bolalar mahsulotlari startapining 2023 yilgi ko`rgazmasida sun'iy intellekt yordamida ishlaydigan, o`zini-o`zi boshqaradigan “Ella” bolalar aravachasi taqdim etildi. Bu haqda “24gadget” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Ella” bolalar aravachasining funktsiyalari qulaylikni ta'minlashga yordam beradi. U ota-onalarni aravachani doimiy ravishda surish bilan bog`liq qiyinchiliklardan qutqaradi. Shuningdek, unda “Rock my baby” ilovasi ham mavjud bo`lib, bu ilova orqali ota-onalar uyda yoki ko`chada biror ish bilan to`xtaganlarida ham “Ella” chaqaloqni bir maylda tebratishni davom ettiradi.
Shuningdek, aravacha tepaga yurish uchun ikkita motorli, tushishda avtomatik tormozlashga yordam beruvchi tizimlar bilan jihozlangan. Unga o`rnatilgan sensorlar, videokameralar va trotuarlar navigatsiya tizimi atrofdagi ob'ektlar va to`siqlarni aniqlash imkonini beradi.Bundan tashqari, aravachaning o`ziga xos jihati shundaki, ota-ona farzandini qo`lida ko`tarmoqchi bo`lsa, “Ella” yo`l chetiga o`tib to`xtaydi. Shuningdek, qurilma avtomatik tebranish va oq shovqin generatorini ham taklif qilishi mumkin, bu esa bolaning dam olishi va sog`lom uxlashiga yordam beradi.
“Ella – o`z turidagi birinchi aqlli aravacha. Unga buvimning nomini qo`yganman. Biz aravacha ota-onalar ishona oladigan ovozsiz dastyor bo`lishini istaymiz. U bolalarga ham, ota-onalarga ham g`amxo`rlik qiladi va ota-onalarga eng kerak bo`lganda dam olish imkonini beradi”, deydi “Gluxkind” asoschisi Anne Hunger.
Ma'lumot uchun, “Ella” bolalar aravachasining narxi 3300 dollar bo`lib, joriy yil aprel' oyidan boshlab sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.