Qirg`izistonda deputatlar pedofillarga o`lim jazosi berilishi bo`yicha referendum o`tkazishni taklif qilmoqda. Bu haqda qirg`izistonlik deputat Dastan Bekeshev o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.
“61 nafar parlamentariy Prezidentga pedofillarga nisbatan o`lim jazosi tayinlash bo`yicha referendum o`tkazishni taklif qilyapti. Tez orada qaror loyihasi ko`rib chiqish uchun Jogorku Keneshga kiritiladi”, deb yozgan Dastan Bekeshev.
Ta'kidlash joizki, Qirg`izistonda oldinroq ham bir necha xalq deputatlari voyaga etmaganlarni zo`rlaganlarga jazoni kuchaytirish taklifini ilgari surgan. Hususan, ular kimyoviy kastratsiyani (bichish) joriy etish tashabbusi bilan chiqqan.
Ma'lumot uchun, Qirg`izistonda o`lim jazosiga moratoriy joriy etilgan. 1998 yilda davlat rahbari Asqar Akayev Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganining 50 yilligi munosabati bilan o`lim jazosiga ikki yillik moratoriy kiritgan. Keyinchalik muddat yana uzaytirilib, Qirg`iziston Jinoyat kodeksida o`lim jazosi, umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, oldinroq O`zbekistonda ham “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov tomonidan qonunchilikka pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyotini kiritish taklif qilingandi.