Mahalliy yangiliklar
AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Halq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov 2022-2023 o`quv yilida yagona maktab formasi joriy etilishi yuzasidan ma'lumot berdi:
2022 yil sentyabr' oyidan yangi o`quv yilida ota-onalar uchun yagona formani xarid qilishga majburiy talab qo`yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o`quvchilarga nisbatan hech qanday e'tirozlar bildirilmaydi.
Milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o`quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro`molni boshning orqa tomonidan o`ragan holda kelishlari ma'n etilmaydi.
Shuningdek, o`quvchi-qizlarning yubka va kofta englarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o`lchamdan kalta bo`lishi mumkin emas.
Mahalliy hokimliklar tomonidan kam ta'minlangan oilalarga mahalliy byudjetning qo`shimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg`armalari mablag`lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko`mak beriladi.
Maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo`yicha maktab ma'muriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo`l qo`yilmaydi.
Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.
Halq ta'limi vazirligi ota-onalar va o`quvchilarning maktab formasi dizayni va sifati bo`yicha har qanday takliflarini ko`rib chiqishga va birgalikda yagona forma dizaynlarini takomillashtirib borishga tayyor ekanligini ma'lum qiladi.