x

Jahon yangiliklari

UNICEF bolalar va ayollarga nisbatan zo`ravonlikka befarqlikdan ogohlantirdi va jamiyatning bunday holatlarga munosabatini o`zgartirishga chaqirdi. Tashkilot zo`ravonlikka uchraganlarni himoya qilish uchun oilani qo`llab-quvvatlash xizmatlari va samarali tizimlarni takomillashtirish muhimligini ta'kidlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo`ravonlik holatlari aks ettirilgan bir qancha videolavhalar tarqalganidan so`ng, UNICEF odatiy hol bo`lib ko`ringan bunday holatlardan xavotirda ekanini bildirdi: ayrim hodisalar, jumladan, go`daklar bilan bog`liq bo`lganlari, jamoatchilik ko`z oldida va kuzatuvchilar ishtirokida sodir bo`lmoqda

“Ayollar va bolalar, ayniqsa qizlar, har kuni zo`ravonlikdan aziyat chekmoqda va bu, afsuski, maqbul, normal, yo`l qo`yish mumkin bo`lgan va “oilaning ishi” deb qaraladi. Zo`ravonlik holatlarining oldini olish mumkin. Zo`ravonlikka barham berishda har kimning o`rni bor. Odamlarning zo`ravonlikka munosabatini o`zgartirish, jazosiz qolishga chek qo`yish, ijobiy tarbiya me'yorlari va amaliyotini targ`ib qilish, jabrlanganlarga malakali yordam ko`rsatish zarur", – dedi UNICEF'ning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. 

Dunyo bo`ylab har to`rt boladan biri zo`ravonlikka duchor bo`ladi va har besh daqiqada bir bola zo`ravonlikning turli shakllari tufayli vafot etadi. Bunday holatlarni erta aniqlash, ishonch telefonlari va maktablarda ish olib borish – ana shu isbotlangan samarali choralar zo`ravonlikka qarshi kurashda yordam beradi. Yo`naltirish mexanizmi bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlashning muhim boshlang`ich nuqtasi bo`lib, bolalarga nisbatan zo`ravonlikning oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashishda ta'lim, sog`liqni saqlash, ijtimoiy himoya va adliya sohalari mutaxassislarining roli va majburiyatlarini aniq belgilashi kerak.

Hozirda UNICEF O`zbekistonda zo`ravonlik holatlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasidagi davlat tuzilmalarining sa'y-harakatlarini qo`llab-quvvatlamoqda. Masalan, Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida butun mamlakat bo`ylab 50 000 nafar patronaj hamshiralar oilalarga tashrif buyurish uchun zarur ko`nikma va materiallarga ega bo`lib, ular boshqa masalalar qatorida bola tarbiyasini qo`llab-quvvatlash, bolalar ehtiyojlariga befarqlik va jismoniy zo`ravonlik holatlarini aniqlashlari mumkin.

UNICEF, shuningdek, bolalarga nisbatan zo`ravonlik holatlarini aniqlash va ularga javob berish bo`yicha standart proseduralarni ishlab chiqish va tadbiq etish borasida Vazirlar Mahkamasining Ta'lim va sog`liqni saqlash kotibiyatining Bolalarni himoya qilish bo`yicha yangi sektori, Bolalar masalalari bo`yicha milliy komissiya va Bolalar ombudsmani bilan hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, UNICEF har bir holatni alohida ko`rib chiqish (keys menejment) tizimini kengaytirishda mamlakattga ko`mak bermoqda. Mazkur tizim oilalar ehtiyojlarini keng miqyosda ko`rish, xavflarni aniqlash va oilalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash uchun ularni tegishli xizmatlar bilan bog`lash imkonini beradi. Amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar bilan bir qatorda ijtimoiy ishchilar institutini yaratish va bu muammoni tizimli hal qilish uchun butun jamiyatni safarbar etish zarur.

To Top ↑
To Top ↑