Mahalliy yangiliklar
Samarqandda 1,5 yashar qizcha ko`p qavatli uyning 10-qavatidan tushib ketdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi HayotShamsutdinovning "Bolalarolami"ga ma'lum qilishicha, hodisa oqibatida qizaloq vafot etgan.
Berilgan ma'lumotga ko`ra, hodisa joriy yilning 9 iyun' kuni soat 18:00 larda Samarqand shahar “Qorasuv” maskani 81-uyda sodir bo`lgan.
Mazkur uyda yashovchi A.K. ning voyaga etmagan farzandi, 2020 yil 19 noyabrda tug`ilgan Sh.S. xonadon eshigining ochiqligi oqibatida, yo`lakchadan tashqariga chiqib, ehtiyotsizlik oqibatida xonadon joylashgan 10-qavat balkon temir panjarasi orasidan pastga yiqilib tushib, og`ir tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.
Ushbu holat yuzasidan voqea joyiga Samarqand shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi boshlig`i, Samarqand shahar prokurori o`rinbosari, shahar prokuraturasi tergovchisi boshchiligida tezkor-tergov guruhi tuzilib, hodisa sodir bo`lgan joyga etib borgan va Sh.S. ning murdasi mutaxassis ishtirokida ko`zdan kechirilgan.
Marhuma Sh.S. ning tanasidagi tan jarohatlari va o`lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlash qarori chiqarilgan, ammo marhumaning oila a'zolari ushbu holat yuzasidan biror kimdan da'vo shikoyatlari yo`qligi sababli ekspertiza tekshiruvi o`tkazishni rad etgan.
Ushbu holat xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib, marhuma Sh.S. ning murdasi oila a'zolari ixtiyoriga qoldirilgan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.