Mahalliy yangiliklar
“Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo`yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish va dori vositalarini bepul etkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–217-son, 25.04.2022 y.) qabul qilindi
Qarorga muvofiq:
spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo`yilgan bemor bolalar davlat tomonidan tibbiy-ijtimoiy yordam doirasida patogenetik dorilar, tibbiy va ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya texnik vositalari bilan kafolatli ta'minlanadi;
spinal mushak atrofiyasi kasalligi bo`yicha xavf guruhidagi homilador ayollar Respublika “Ona va bola skrining” markazi hamda uning hududiy markazlarida, shuningdek, zamonaviy molekulyar-genetik Milliy referens laboratoriyasi va uning hududiy filiallarida bepul diagnostikadan o`tkaziladi.
2022 yil 1 iyuldan spinal mushak atrofiyasi klinik diagnoziga ega oilalarning Yagona milliy registri yuritiladi va oilalarning klinik va molekulyar-genetik diagnostikasidan kelib chiqib shakllantirib boriladi.
2023 yil 1 iyuldan nikohlanuvchi shaxslar o`z hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan o`tkaziladi.
2022 yil 1 maydan spinal mushak atrofiyasi kasalligi tashxisi tasdiqlangan bemor bolalar uchun hududlardagi bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida mul'tidistsiplinar (nevrolog, pediatr, reanimatolog, pul'monolog, ortoped, xirurg) tekshiruv va davolash (operativ kontrakturalar va suyak deformatsiyalarini to`g`rilash) jarayoni tashkil etiladi.
Qaror bilan shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo`yilgan bemor bolalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etildi.