x

Mahalliy yangiliklar

Paradigma.uz sayti jurnalisti Kogon tumanida maktab o‘quvchilari bilan sodir bo‘lgan YTH bo‘yicha reportaj tayyorlash jarayonida qarshilikka uchragan. Jurnalist va tasvirchini avvaliga Milliy gvardiya xodimlari, so‘ngra esa o‘qituvchilardan biri maktabga kiritmagan.  

“Voqea sodir bo‘lgan chorrahada tasvirga olishni boshlaganimizda IIB xodimlari yetib kelib, bizni so‘roqqa tuta boshlashdi. Shundan so‘ng bizni Kogon tuman IIB binosiga olib borib suhbatlashishdi va qo‘yib yuborishdi. 

Keyin biz Kogon tumanidagi 5-makatabga borib, mas’ullardan voqea bo‘yicha intervyu olishga harakat qildik. Maktabga borganimizda Milliy gvardiya xodimlari darvoza oldida turgan edi, ular maktabga kirmasligimizni so‘rashdi, bir necha daqiqadan keyin esa ketib qolishdi. Biz direktor bilan uchrashish uchun yana kirmoqchi bo‘ldik, ammo bu safar o‘qituvchilar qattiq qarshilik ko‘rsatdi”, deyiladi jurnalist surishtiruvida.

E’lon qilingan videolavhada ko‘rinishicha, jurnalist bilan YTH payti avtobus ichida bo‘lgan o‘qituvchi janjallashgan.

“Men ham qonun-qoidani tushunaman. Bu yerda hozir hamma joy “yonib yotibdi”. Sizlarning haqqingiz yo‘q, jurnalist bo‘lsangiz ham IIB xodimlari bilan kelishingiz kerak”, degan o‘qituvchi.

O‘zaro janjaldan keyin jurnalist maktabga kira olmasdan ketgan hamda Kogon va Buxoro shahar shifoxonalariga borib, bolalarning ahvoli haqida ma’lumot olgan.

“Halokatga uchragan avtobusda bo‘lgan bolalarning ko‘pchiligi bilan suhbatlashganimizda deyarli ularning barchasi maktab tomonidan teatrga borishga majburlanganini, majburiy pul yig‘ilganini va tiqilinch avtobusda olib ketilganini aytishdi.

Shifokorlar bizga taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, avtohalokat sodir bo‘lganidan so‘ng Buxoro shahar shifoxonasiga 16 nafar, Kogon shahar shifoxonasiga 22 nafar bemor olib kelingan. Shundan ham bilish mumkinki, 24 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtobusda sig‘imidan ortiq yo‘lovchi tashilgan”, deyiladi jurnalist surishtiruvida.  

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni Kogon tumanida maktab o‘quvchilarini Buxoro shahriga teatr tomoshasiga olib ketayotgan avtobus chorrahada beton qoradigan yuk mashina bilan to‘qnashib, ag‘darilib ketgandi. YTH oqibatida bir o‘quvchi voqea joyida, yana biri esa keyinchalik shifoxonada vafot etdi.

Ko‘p o‘tmay hodisa videosi ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Unda ko‘rinishicha, YTH sodir bo‘lgan chorrahada o‘sha vaqtda svetofor ishlamayotgan bo‘lgan, harakatni tartibga solish uchun esa YPX inspektori ham bo‘lmagan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, YTH yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) hamda 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

To Top ↑
To Top ↑