Mahalliy yangiliklar
Toshkent viloyatida o‘z farzandiga aliment to‘lamagani uchun qidiruvda bo‘lgan erkak ushlandi.
Unga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdordan voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida erkak aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab yurishi oqibatida qarzdorlik summasi 16 million so‘mni tashkil etgan. Unga nisbatan 2023 yilning 5 dekabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunning 47⁴ - moddasi bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.
Shundan so‘ng ham qarzdor aliment qarzlarini to‘lashni istamagan.
"Shu vaqtgacha erkakning qarzdorligi 26 million so‘mga yetgani sabab tegishli tartibga ko‘ra, joriy yilning 14 mart kuni A.N.ga nisbatan qidiruv e’lon qilingan", deyiladi xabarda.
MIB Toshkent viloyat boshqarmasi qidiruv bo‘limi hamda YHXB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Damas avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro qo‘lga olingan. Dastlab u MIB xodimlarini ko‘rib, dala tomonga qochgan. Bundan shubhalangan xodimlar unga tegishli ma’lumotlarni tekshirganida, erkak shu paytgacha alimentdan qochib yurgan ota bo‘lib chiqqan.
Hozirda, aliment qarzdorligi tufayli qochib yurgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.