Mahalliy yangiliklar
Jizzax viloyati Forish tumanining Uchma qishlogʻida yashovchi Anorxol Isroilova va uning turmush oʻrtogʻi Umid Isroilov toʻrt qizdan soʻng oʻgʻil farzand kutgandi. Kuni kecha ular uch egizakli boʻldi: ikki nafar qiz, kenjasi esa oʻgʻil.
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, ona farzandlarini Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida dunyoga keltirdi.
Egizaklarning kattasi 1,9 kg, keyingisi 2,4 kg, oʻgʻil chaqaloq esa 2,1 kg boʻlib, ular tabiiy tugʻruq jarayonida tugʻildi.
Muassasa rahbari Xanifa Sodiqovaning maʼlum qilishicha, ona va chaqaloqlarning umumiy ahvoli qoniqarli, ularning salomatligi shifokorlar nazorati ostida.
Anorxol Isroilova va uning turmush oʻrtogʻi toʻrt qizdan soʻng, oʻgʻil farzand kutgan. Bu niyat ham amalga oshib, farzandlari soni yettitaga yetdi.