x

Jahon yangiliklari

AQSHning Florida shtati gubernatori Ron DeSantis 14 yoshgacha bo'lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunni imzoladi.

Unga ko'ra, shtatdagi 14 yoshgacha bo'lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlanadi, 14-15 yoshli bolalar esa faqatgina ota-onasining ruxsati bilan tarmoqlardan foydalanishi mumkin.

Shuningdek, 2025-yilning 1-yanvaridan kuchga kirishi aytilayotgan HB3 nomli qonunda bolalarning pornografik saytlarga kirishini taqiqlash ham nazarda tutilgan.

"Ijtimoiy tarmoqlar bolalarga ko'p jihatdan zarar yetkazadi. HB3 qonuni ota-onalarga o'z farzandlarini himoya qilish uchun ko'proq imkoniyatlar beradi", – dedi gubernator Ron DeSantis.

Biroq faqatgina Florida shtatida amal qiluvchi ushbu qonun amaliyotga qanday tatbiq etilishi tushuntirilmagan. Ya'ni bolaning yoshini aniqlashda qanday mexanizmlardan foydalanish, hozirda ijtimoiy tarmoqdan foydalanayotgan 14 yoshgacha bolalarning akkauntlarini o'chirish kabi masalalar bo'yicha ma'lumot berilmagan.

Ma'lumot uchun: Florida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunni qabul qilgan birinchi shtat emas. Avvalroq Arkanzas, Kaliforniya, Luiziana, Ogayo va Yuta shtatlarida ham shunday qonunlar qabul qilingan. Biroq federal sudya fevral oyida Ogayo shtatida mazkur qonunni bloklagan. Uning fikricha, bu qaror o'smirlarning internetdagi ma'lumotlarga kirish huquqini buzgan. Shuningdek, Arkanzasdagi qonun ham boshqa bir federal sudya tomonidan vaqtincha to'xtatilgan. Qayd etilishicha, Florida ham bu qonunni amalga oshirishda shu kabi muammolarga duch kelishi taxmin qilinmoqda.

To Top ↑
To Top ↑