x

Mahalliy yangiliklar

Toshkentda tilanchilikni o‘ziga kasb qilib olgan ayollar pul ishlash maqsadida boshqalarning go‘dak farzandlaridan foydalanayotgani aniqlandi.  Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

"Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 3 yoshga to‘lmagan, 1,5 yoshlar atrofidagi 3 nafar bola o‘zining onasi bo‘lmagan boshqa ayollar tomonidan tilanchilik quroli sifatida foydalanilayotgani ma’lum bo‘ldi", deydi tuman IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Abdurashid Ochilov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar o‘rnatilgan tartibda go‘daklar uyiga joylashtirilgan.

Shuningdek, Uchtepa tumanidagi masjidlar atrofi va chorrahalarda tilanchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan 26 nafar ayol aniqlangan. Ularning 13 nafar farzandi ta’lim doirasidan chiqib ketib, pul topish bilan shug‘ullanib yurgani bois Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3-moddasiga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullanish 1-3 BHM (340 ming so‘mdan 1 mln 20 ming so‘mgacha) ma’muriy jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.

Tilanchilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs bu qilmishni takroran sodir etsa, Jinoyat kodeksiga asosan 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, ma’muriy va jinoiy javobgarlik kodekslarida bolalarni, qariyalarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqalarni tilanchilik qilishga jalb etganlik uchun 5 - 10 BHM ma’muriy jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutiladi.

To Top ↑
To Top ↑