x

Mahalliy yangiliklar

Andijon tumanidagi 24-maktabda o`qituvchilardan yangi jihozlar olish uchun bir nechta ovoz yig`ish yoki o`rniga 90 ming so`mdan pul berish talab qilinmoqda. Qolaversa, maktab direktori maktabda tovuqxona ham tashkil qilgan bo`lib, pedagoglardan uni tovuqlar bilan to`ldirishda “o`z hissasini qo`shish”ni so`rayapti, deb yozmoqda Kun.uz.

Andijon viloyati Andijon tumanining 24-maktabi yangi jihozlar olish uchun “Tashabbusli byudjet” loyihasiga kiritilgan. Ayni paytda bu tashabbusning to`plagan ovozlari soni bo`yicha tumanda ikkinchi o`rinda bo`lib turishiga maktab o`qituvchilarining hissasi katta – ular ovoz yig`ishga jalb etilmoqda.

Majburiy ovoz yig`ishdan norozi bo`lgan boshlang`ich sinf ustozlaridan biri murojaat qildi.

“O`tgan yillarda ham "Open byudjet" uchun ovoz yig`ganmiz, lekin bu yildan direktorimiz Sarvar Nasriddinov shunaqa oshirib yuboryapti. Har birimizga 3 ta hali sim-karta ochilmagan pasportni topib, sim-karta sotib olib, ovoz berishni yoki pul yig`ib berishimizni talab qilyapti. Hademay, maktabga “ovoz berdingmi?” deb chaqiraveradi”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan pedagog.

O`qituvchi taqdim etgan skrinshotlarda sinf rahbarlari o`z sinfidagi har bir o`quvchi soniga 5 tadan, sinf rahbarligi yo`q fan o`qituvchilari esa umumiy 30 ta ovoz to`plashi kerakligi aytiladi.

“Masalan, 30 nafar o`quvchisi bor sinf 150 ta ovoz to`plashi kerak. Hozirdan reja boshlandi. Bugungacha to`planganlari o`tdi, hozirdan start ketdi. O`quvchilar soni va rejasi yuborilyapti.

1-4-sinflar Sayfullayev Oyatilloga, 5-8-sinflar Azizov Abdulazizga, 9-11-sinflar Azimov Avazbekka kunlik hisobini yuborasiz”, deyiladi maktab xodimlari uchun tashkil etilgan Telegram-guruhidagi xabarda.

Murojaatchining so`zlariga ko`ra, maktab direktori Sarvar Nasriddinov ta'lim maskanida tovuqxona ham tashkil qilgan hamda o`qituvchi va o`quvchilardan tovuq olib kelishni so`ragan.

Eslatib o`tamiz, shu yil 1 fevraldan kuchga kirgan “Pedagogning maqomi to`g`risida”gi qonunga ko`ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga jalb qilish, uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo`lmagan hisobotlarni va boshqa ma'lumotlarni shakllantirish hamda taqdim etishni talab qilish, ularning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash taqiqlangan.

To Top ↑
To Top ↑