Mahalliy yangiliklar
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudi 25-mart kuni yopiq yigʻilishda oʻquvchi qizni zoʻrlashga urinishda ayblangan 67 yoshli musiqa oʻqituvchisiga nisbatan hukm oʻqidi. Sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 119 moddasi 4 qismi bilan aybdor deb topib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Prokuror suddan uni 13 yilga ozodlikdan mahrum etishni soʻragan, biroq sud sudlanuvchining yoshini hisobga olgan.
2023-yil avgust oyida zoʻravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi uyidagi xususiy dars paytida 12 yoshli oʻquvchisini zoʻrlamoqchi boʻlgan toshkentlik musiqa oʻqituvchisi Aleksandr Sultanov haqida xabar bergan edi. Xabar eʼlon qilinganidan soʻng Jinoyat kodeksining 119 moddasi 4 qismi (14 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.