x

Jahon yangiliklari

Moskva viloyatidagi “Krokus siti holl” majmuasida garderobchi boʻlib ishlagan 15 yoshli Islom Xalilov 22-mart kungi qonli terakt payti 100 dan ziyod insonni qutqardi.

Yosh boʻlishiga qaramay, favqulodda ogʻir vaziyatda oʻzini darhol qoʻlga olgan oʻsmir jon talvasasida yoʻl topolmayotgan odamlarni chiqish eshigi tomon boshladi. Shu tariqa ular muqarrar qirgʻindan omon qoldi.

Islom Xalilov jurnalistlarga oʻsha mashʼum kun haqida soʻzlab berar ekan, birinchi qavatda shovqin-suron koʻtarilgan paytda dastlab eskalator buzildi degan xayolga borganini aytadi.  

“Keyin odamlar yugurishga, baqirishga tushdi. Men oʻsha lahzada qoʻrqib oʻtiraversam, nafaqat oʻzim, balki yuzlab odam ham bevaqt oʻlim topishini tushunib yetdim. Avvaliga biroz hadiksiradim. Odamlarni boshlab ketar ekanman, ular (terrorchilar) granata uloqtirishi yoki oʻqqa tutishi mumkin edi-da. Xayriyat, eshikni ochishga muvaffaq boʻldim va hammamiz tashqariga chiqdik”, – deydi Islom Xalilov.

Maktabda tahsil olayotgan Islom boʻsh vaqtlarida uch-toʻrt soʻm topish uchun “Krokus siti holl”da garderobchi boʻlib ishlab kelgan. Oʻsmirning oʻzi Rossiyada tugʻilgan. Ota-onasi esa Qirgʻizistonning Jalolobod va Oʻsh viloyatlaridan.

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar idorasi rahbari Ravil Gʻaynuddin 15 yoshli qahramon Islom Xalilovga “Xizmatlari uchun” medali berilishini maʼlum qildi.

Davlat dumasining oilani muhofaza etish qoʻmitasi ham jasur oʻsmirni mukofotlash lozim degan fikrda.

“Yigitchaning jasorati hurmat va eʼtirofga loyiq. Qoʻmitamiz Davlat dumasi raisi va Davlat dumasi kengashiga uni faxriy yorliq bilan mukofotlash masalasida murojaat qiladi”, – deydi qoʻmita raisi Nina Ostanina.

Avval xabar berganimizdek, 22-mart kuni Moskva viloyatida joylashgan “Krokus siti holl” majmuasida yirik terakt sodir etildi. Konsert oʻtishi kutilayotgan binoga qurollangan shaxslar bostirib kirib, odamlarga qarata oʻt ochgan. Majmuada portlash va yongʻin ham roʻy bergan.

Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, qoʻporuvchilik harakati oqibatida 133 kishi halok boʻldi, 154 kishi jarohatlandi. Rasmiylar qurbonlar soni oshishi mumkinligini aytmoqda.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov teraktga aloqador 11 kishi, jumladan, qirgʻinni sodir etgan 4 nafar terrorchi ushlanganini maʼlum qilgan.

Qoʻporuvchilik harakati ortida kim turgani borasida turli taxminlar ilgari surilmoqda.

To Top ↑
To Top ↑