x

Mahalliy yangiliklar

Bugun, 18-mart kuni soat 11:30 larda Buxoro viloyati Kogon tumani Yangihayot mavzesida salonida maktab oʻquvchilari boʻlgan avtobus YTHga uchradi. Qayd etilishicha, maktab oʻquvchilarini olib ketayotgan avtobus va “HOWO” rusumli yuk mashinasi toʻqnashgan va har ikkalasi agʻdarilib ketgan.

Oʻzini tanishtirishni istamagan Kogon tumanidagi 5-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisining aytishicha, avtohalokat uning koʻz oʻngida sodir boʻlgan.

“Toʻgʻrisi, biz istamasak-da, Buxoro viloyat drama teatriga oʻz hisobimizdan tomoshaga olib ketishayotgan edi. Oʻgʻil bolalarni boshqa avtobusga, qiz bolalarni boshqa avtobusga joylashtirishdi. Bizning avtobus avtohalokatga uchragan avtobusning orqasidan ketayotgan edi. Koʻz oldimizda shunaqa dahshatli toʻqnashuv boʻldiki, es-hushimizni yoʻqotayozdik. Axir, u avtobusda bizning oʻgʻilbola sinfdoshlarimiz bor edi”, – deydi hali sodir boʻlgan holatdan oʻziga kelolmagan qiz.

9-sinf oʻquvchisining soʻziga koʻra, sinfdoshi O.J. ismli oʻgʻil bola voqea joyida vafot etgan va uni ekspertizaga olib ketishgan.

“Jarohatlanganlar bor. Yana bir sinfdoshimiz ogʻir ahvolda komada ekan. 11-sinf oʻquvchilaridan birining ham vafot etganini aytishmoqda. Ammo, nechogʻli aniq, bilmadim. Endi bir umr teatrga bormayman…” – deydi oʻquvchi qiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati holat boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bugun, 2024-yil 18-mart kuni soat 10:30lar atrofida Buxoro viloyati, Kogon tumani hududidan oʻtuvchi A-380b avtomobil yoʻlining 32-kilometri hamda 4R-69 avtomobil yoʻlining 6-kilometri kesishgan, tartibga solingan chorrahada 1991-yilda tugʻilgan haydovchi O.Sh. boshqaruvida boʻlgan avtobus hamda 1984-yilda tugʻilgan haydovchi M.M. boshqaruvida boʻlgan yuk avtomobili ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.

YTH natijasida bir nafar avtobus yoʻlovchisi ogʻir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, bir nafar yoʻlovchi tan jarohati olgan boʻlib, 25 nafar yoʻlovchilarga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan.

YTH yuzasidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Tafsilotlar yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi, deyiladi xabarda.

To Top ↑
To Top ↑